Ayol.uz

"Sen grantga kirishing kerak, kontrakt bo'lsa o'qitolmaymiz" deyishgan...

Bugun jamiyatimizda yosh boʻlishiga qaramay ulkan marralarni zabt etayotgan, tengdoshlariga ibrat boʻlishga arzigulik qizlarimiz koʻp. Bugungi qahramonimiz, 18 yoshli Surayyo Xayrullayevadir. Surayyo shu yil maktabni tamomlab, “American University of Central Asia” (Markaziy Osiyodagi Amerika Universiteti) universitetiga xarajatlari toʻliq qoplanadigan US-CAEF granti asosida qabul qilindi. Ayol.uz ushbu faol va intiluvchan qiz bilan suhbat tashkil qildi. “Maktabga tengdoshlarimga nisbatan kechroq borganman. Qiynalmasin, yaxshi oʻqisin deb shunaqa qilishgan ekan ota-onam. Haqiqatdan shunaqa boʻldi, oʻqishni juda yaxshi koʻraman, maktabni oltin medal bilan tamomladim” deydi u suhbat davomida.

Surayyo tabiat qo'ynida

Ayol.uz: Sizda faollik uygʻotgan, doim harakatga undagan omil nima?  

Surayyo: Bu otamning menga boʻlgan ishonchlari, doim meni qoʻllab-quvvatlashlari. Meni oʻqi deb majburlashmagan. Shunchaki, ota-onamning kuchli orzularini amalga oshirish niyatim boʻlgan. Chunki oyim ham dadam ham oliy maʼlumotli emaslar, birlarining boshlariga erta turmush yuki tushgan boʻlsa, birlarini “qiz bolasan” deb oʻqitishmagan, vaholanki, ularning ikkalalarida ham oʻqishga boʻlgan ishtiyoq kuchli boʻlgan. Men “Ota-onam bir kun kelib bu mening qizim deb mendan faxrlanib yurishadi” deb oʻzimga vaʼda berganman. Va doim shuning uchun harakat qilaman. Magʻlubiyatlarim yutuqlarimdan 10 karra koʻp, lekin men toʻxtashni xohlamayman, chunki bilamanki, magʻlubiyatlarimdan keyin har doim bir katta yutuq kelgan. Qiynalsam, xursand boʻlaman, demak, men toʻgʻri yoʻldaman deb. Osonlikcha biror narsaga erishib boʻlmaydi. Dadam har doim menga “sen grantga kirishing kerak, kontrakt boʻlsa oʻqitolmaymiz” derdilar, rosti, avvaliga bu gaplardan xafa boʻlardim, grant dasturlariga topshirayotganimda xuddi oʻsha dastur mening oxirgi imkoniyatim deb harakat qilardim. Oʻtolmaslikni xayolimga keltirolmasdim. Mening toʻxtashga hech qanday sababim, haqqim ham yoʻq. Dadam bergan katta ishonchning oʻzi meni oʻqishga, harakatlanishga va gʻalaba qozonishga undaydi.

Ayol.uz: Chet elda oʻqishingizga ota onangiz qarshilik qilishmaydimi? 

Surayyo: Agar ota-onam qarshilik qilganda men chet elda oʻqimasdim. Ota-onamning roziliklari bilan ham shu kungacha yetib keldim. Oʻqiydigan universitetim rostdan ajoyib, obroʻli. U yerda oʻqish hammaga ham nasib qilavermaydi, mendan koʻra koʻproq ota-onam bundan xursand.  Boshida dadam “biz senga ishonamiz, ammo bu yetarli emas, sen oʻzing oʻzingga ishonasanmi” deganlar. Men oʻylab oʻtirmasdan ha deb javob berganman, dadam bir nimani bilmasalar menga ishonmaydilar, demak, menga ishonsa boʻladi, deganman oʻzimga oʻzim.  Unda sendan koʻnglimiz toʻq, biz seni hamma vaziyatlarda ham qoʻllab-quvvatlay olmaymiz, ammo oʻqishingga kelganda doim sen tarafmiz, shu yoʻling yaxshilikka olib boradimi, demak, ortga qaytma deganlar.

Ayol.uz: Bolaligingizdan chet elda oʻqishni maqsad qilganmisiz?

Surayyo: Chet elda oʻqish men uchun maqsad emas. Agar shu universitetim va grantim Oʻzbekistonda boʻlganida, men Oʻzbekistonni tanlashim mumkin edi. Lekin menga bir vaqtning oʻzida koʻproq narsalar oʻrganish yoqadi. Chet elda oʻqishning afzalliklari juda ham koʻp. Bu menga birlamchi universitet beradigan bilimlardan tashqari oʻsha davlat tilini, madaniyati, urf-odatlarini oʻrganishimga, oʻzim uchun turli yangiliklarni kashf etishimga imkon beradi. Bular men uchun juda qiziq.

Ayol.uz: Kelajakda qanday rejalaringiz bor? 

Surayyo: Soham “Business administration” (Biznes boshqaruvi). Rejalarim judayam koʻp. Men oʻqishdan toʻxtab qolmoqchi emasman. Bakalavrni tugatib, magistratura va undan keyingi bosqichlarida ham oʻqish, malaka orttirish niyatim bor.  “Girls Supportive center” (Qizlarni qoʻllab-quvvatlash markazi)mi bilmadim, shunga oʻxshash markaz ochish niyatim bor. Bu endi juda katta maqsadim. Buning ustida har kun ishlayman. Yangi gʻoyalar kelib qoladi. Qoʻshib qoʻyaman. Oʻzgartiraman. Buni amalga oshirish oson emasligini bilib harakatni oldindan boshlaganman.

Ayol.uz: Qaysi tillarni bilasiz va qay darajada?

Surayyo: Rus tilida gaplasha olaman, maktabdan va atrofimdagi doʻstlarimdan oʻrganganman, ingliz tilida darajam B2. Maʼlumot oʻrnida ayta olamanki, bundan oldin men FLEX dasturi boʻyicha grant yutishga muvaffaq boʻlgan edim. U ham Amerikada oʻqish bilan bogʻliq dastur. Afsuski, pandemiya meni bu grant imtiyozlaridan foydalanish imkoniyatidan mahrum qildi (kulib). Ushbu toʻliq grantda ham borish kelish, yashash xarajatlari qoplanadi. 3000dan ortiq oʻquvchilar orasidan biz 15 kishi yutgan edik uni.

Ayol.uz: Tengdoshlaringizga qanday maslahatlar bergan boʻlardingiz? 

Surayyo: Men hech qachon harakatdan toʻxtamasliklarini maslahat bergan boʻlardim. Hammada ham qiyinchiliklar boʻladi, yutuqqa erishganingizdan keyin u esdan ham chiqib ketadi. Qiyinchilik kelyaptimi, demak, maqsadga erishishingizga oz qolgan. Ayniqsa, qizlarga doimo oʻqishlari, bilim olishlari kerakligini eslatib qoʻymoqchiman. Jamiyatning yaxshi yoki yomon boʻlishi koʻpincha qizlarimizga bogʻliq boʻlib qoladi. Ular bergan tarbiya asosida bolalar shakllanadi. Qiz bola uchun oʻqish jarayonida toʻsiqlar boʻladi, shunday paytda xayolni buzmasdan yoʻlda davom etish kerak. Sababi, biz qizlar yelkamizda oʻzimiznikiga qoʻshib ota-onamizning gʻururini ham koʻtarib yuramiz.  Shu narsani his qilishimiz kerak. Ayniqsa, chet elda oʻqiydigan yoshlarimiz yelkalarida butun Oʻzbekiston nomini olib yurishadi. Biz hozirgi oʻqishimizda kursdoshlarim bilan doim koʻproq oʻqishga harakat qilamiz, shuni ham qoʻshib oʻqiylik deb bir-birimizni turtib turamiz, oʻzbeklar bilimli ekan deyishsin deymiz.

Ayol.uz: Doimiy ijtimoiy faollik oʻqishga xalaqit beradi degan fikrga qanday qaraysiz?

Surayyo: Bu fikrga qoʻshilmayman. Ijtimoiy faollik va taʼlim bir-biriga chambarchas bogʻliq. Ularni bir-biridan ajratib boʻlmaydi men uchun. Hamma narsada meʼyor boʻlgan yaxshi. Shuningdek, oʻqishda ham. Oʻqish jarayonida volontyorlik, ijtimoiy tadbirlarda qatnashish oʻqish uchun yana-da koʻproq motivatsiya beradi. Masalan, men biron-bir tadbirda ishtirok etganimda turli xildagi insonlar bilan tanishaman, mendan kuchlilar bor ekanligini yana bir bor his qilaman. Tajriba orttiraman. Oʻrganaman. Ragʻbatlantirishadi, xursand boʻlib koʻproq oʻqigim keladi. Ijtimoiy faol boʻlish bu oʻqishga boʻlgan ishtiyoqni yana-da oshirishdir. Jamiyat bilan hamnafas yashasa, jamiyatdagi muammolarga aralashib koʻrsa, yordam bera olsa, bu insonga faqat va faqat zavq beradi. Yashashdan maqsad ham shu aslida. Kishi doimiy ravishda oʻqisa, ammo u bilim oʻzidan boshqa hech kimga yordam bera olmasa, shu oʻqish yordam berishga xalaqit bersa, u bilim kimga kerak?

Ayol.uz: Yoqtirgan kitoblaringiz qaysilar?  

Surayyo: Eng sevimli kitobim Jorj Oruelning “1984” asari. “Molxona” ham zoʻr. Isajon Sultonning “Boqiy darbadar” kitobini ham oʻqishni maslahat beraman, ajoyib kitob. “Platoʻs Book”, ayniqsa uning “Book VII Republic” qismi qiziqarli. Oʻqib tushunish qiyin, lekin fikrlashga undaydi.

Ayol.uz: Yutgan grantingizning umumiy miqdori qancha, ushbu grant odamni oʻzining qaysi jihati bilan qiziqtiradi?

Surayyo: AQSh Davlat Departamenti tomonidan moliyalashtiriladigan va Xalqaro taʼlim boʻyicha Amerika Kengashlari (American Councils for International Education Uzbekistan) tomonidan boshqariladigan “U. S. Central Asia Foundation” granti “American University of Central Asia” universitetiga iqtisod, biznes,va texnologiya sohalarida oʻqish uchun grantlar ajratadi. Grant balakavr bosqichida oʻqishni xohlaydiganlar, akademik oʻzlashtirishi yuqori, ammo oilaviy sharoiti tufayli moliyaviy jihatdan qiynalgan oilalar farzandlari uchun. Grantni yutib olganlarga quyidagi imtiyozlar beriladi:

1.Universitetda 4 yil tahsil olish uchun oʻqish puli toʻliq qoplanadi;

2.Yashash va turar joy xarajatlari toʻliq qoplab beriladi;

3.Yoʻl xarajatlari qoplab beriladi (har bir akademik yil oxirida, Oʻzbekistonga qaytish va oʻqish boshlanganda Qirgʻizistonga borish);

4.Akademik konsultatsiya beriladi va qoʻllab quvvatlanadi;

Oʻzbekistondan ushbu grantni yutganlar 6 nafar. 5 nafar oʻgʻil bola, 1 nafar qiz bola, yaʼni men. Hozir ham US-CAEF dasturi uchun arizalar qabul qilinmoqda, batafsil maʼlumot uchun quyidagi havolani bosing: uscaef.org

Ayol.uz: Vaqtingizni ayamay biz bilan suhbat qurganingiz uchun rahmat. Kelgusidagi faoliyatingizda zafarlar tilaymiz.

Dilbar Ismatullayeva suhbatlashdi.