Oila

Alohida yashash baxtmi?

Bugun qaynona kelin munosabatlari ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Bir biri bilan inoq, ahil, onayu qizdek yashayotganlar ham oramizda ko‘p. Lekin biroz sabrsiz kelinlaru-ba’zan qattiqqo‘lroq bo‘lib tuyulayotgan onalar sabab alohida yashash yolini tanlayotgan yoshlar safi kun sayin ortib bormoqda. Ishonavering mustaqil hayotning yaxshi tomonlari bilan bir qatorda qiyinchiliklari ham talaygina. Men ham huddi shunday qarama-qarshi fikrlardan so‘ng “alohida baxtli yashash” mas’uliyatiga muyassar bo‘lgandim. Bugun esa men qachonlardir injiq deb hisoblagan qaynonam yonimda tursaydilar deb orzu qilaman. Yana qancha narsani o‘rgangan bo‘lardim. Qolaversa katta yoshli buvi va bobolari bilan ulg‘aygan farzandlarning tarbiyasi ham boshqacha bo‘ladi. Shu sababli men ham o‘zimning yaxshi va yomon tajribalarim bilan o‘rtoqlashmoqchiman.

Yaxshi tajriba

Bizda hammasi yaxshi

Bugungi menyu “qozonkabob”!!! Mening maosh olgan kunimni nishonlayapmiz. Yaqindagina uchirma bo‘lgan o‘g‘lining qozon-tovog‘idan bir xabar olish maqsadida qaynonam sim qoqadi: Xay o‘g‘lim, ishdan kelishinga ovqat tayyormi, nima ovqat qilibdilar kelinposhsha? ha, Oyijon! Buni bilasizku eldan burun, ikki martalik qilib makaron sho‘rvani osib qo‘yadi...(Menga istehzo qilgandek)...Go‘shtni orqasidan qarasangiz meni kastyum shimimni rangini bilib olasiz... *** Oylik olishimizga xali bir xafta bor. Bor-yo‘q pulimizni kreditga olgan muzlatgichga o‘tkazdik. Bolalar go‘shtni bog‘chada ko‘rishadi. Bugungi menyu qatiqsiz yovg‘on sho‘rva!!! Bor yo‘g‘ini oldimga sochgan onam, qani qizginamga bu ziqna kuyovim nima berayaptiykin deb qo‘ng‘iroq qiladi: - hoy qizalog‘im, ishqilib bolalaringni iltigini quritmayapsizlarmi, qozoningda kapkirga ilingulik narsang bormi? - ha, oyijon! Kecha kuyovingiz jigar olib kelgandilar. Rosa zo‘r qilib sizning retseptingiz asosida qovurdim. Bugun esa, sovuq kunda kuch bo‘ladi deb, qo‘y go‘shtidan sho‘rva osib qo‘yganman... NATIJA: qaynonam o‘g‘lining birini ikki qiladigan mendek kelinidan mamnun. Onam esa o‘zidan ham a’lo qilib boqib qo‘yayotgan kuyovini yeru ko‘kka ishonmaydi. Ishonavering, tinchlikda ichilgan gurunch bilan suv, janjal ustida yeyilgan qozon kavobdan aaancha mazzali!

Sukunatda gap ko‘p

Har tongda bir xil mashmasha. Dadamizni ishga, bolalarni birini bog‘chaga, ikkinchisini maktabga jo‘natish kerak. O‘zim ham bu orada oynaga qarab ishga taradud ko‘raman. Shu tala-to‘pda erimning ““ertalab eslatarsan”deb, tokchaga qo‘ygan xujjatlari yodimdan ko‘tarilibdi...

Ikkala bolamizni yo‘l-yo‘lakay olib uyga qaytdim. Ovqat qilib, u yoq buyoqni yig‘ishtira boshladim. Xali kir ham bor... Uni yuvmasam bo‘lmaydi, o‘g‘lim ertaga maktabga kiyishi kerak... Eshikdan dadamiz kirdi-yu, uyimizga to‘fon oralagandek bo‘ldi. Xujjatni eslat degandima, senga....E sen... U gaplarni eshitmabmiz, bu dunyoga kelmabsiz.

- Axir men ham odamman temir emasku, hamma narsani nega men eslab qolishim kerak. Nima bitta o‘zizni eplab ishga borolmaysizmi... Jaa aqlliman, xotiram kuchli derdiz-u... degim keldi-yu, bir nafas tin olib, sukunatni afzal bildim. NATIJA: Rosa baqirish-u, so‘kishlardan charchagan erim televizorni yoqdi-yu, futbolchilarning birinchi golidayoq bolalarni erkalatishga tushib ketdi. hammasi unutildi. Ertalab yana har kungi tala-to‘p bilan hech narsa bo‘lmagandek, hamma o‘z ishiga ravona bo‘ldi.

Zamonaviy tamoyil: Xamma narsa tenglik asosida

Oyning boshi. Maktabga fond puli, bog‘cha puli, bir yoqda kommunal xizmatchilar eshik qoqib turishibdi, xullas kichik ro‘zg‘orning katta harajatlari oldida turibmiz. Endi “Pul...” deb og‘iz juftlayotgandim, erim mendan oldin gap boshlab qoldi: “Jonim, bugun tushlikka pulim yo‘q. Ertaroq qaytaman, ovqatni tayyorlab qo‘yarsan”. Bu gapdan keyin bir narsa deyish qiyin edi. Dadamizni ishga kuzatdim-u, yangi tufli uchun yashirgan pulimni maktabning fond puliga va bog‘cha puliga to‘lab yubordim. Tashlab yubormoqchi bo‘lgan tuflimni esa yana yamatishga berdim. NATIJA: Oilaning bir yukini yengillashtirgan ayoliga erning mehri yanada oshdi. Ikki-uch kundan keyin esa maosh olinishi bilan kommunal to‘lovlarni to‘lagan dadamiz, men aytmagan bo‘lsam ham “yamalgan tufli kiyish bizni xotinga yarashmaydi” dedilar-u, bozorga olib tushdilar.

YoMON TAJRIBA

Mehr muzqaymoqdek eriydi

Orziqib kutilgan dam olish kunlari. Men oshxonadan boshlab hammomgacha “Katta” tozalash ishlarini rejalashtirgandim. Bir yoqda katta kirlar, oynani ham artish kerak, yana bolalardan tuzukroq xamir ovqatga buyurtma olganman. To‘satdan dadamiz bugun bir uydagilarni ko‘rib kelmaymizmi, deb qoldi. Rejadagi ishlarni kechga qoldirishga ko‘zim qiymasdan, boshim og‘riyotganini bahona qilib, - “Bolalarni olib o‘zingiz borib kela qoling” dedim iltimosnamo ohangda. Menga rahmi kelgan erim “Onam seniyam so‘rovdilar” degancha bolalarni olib o‘zi ravona bo‘ldi. Mening pishiqligimni qarang. Bir bahona bilan atrofimda girdikapalak bo‘lib ish qilishga xalaqit beradigan bolalardan ham qutuldim. O‘zimda yo‘q xursandligimdan hamma ishlarimni tushgacha tugatdim. Ovqat ham tayyor. Telefonda gaplashish-u, bir kinoni ko‘rishga ham ulgurdim. har doim buvisinikidan xursand bo‘lib qaytadigan bolalar bugun negadir xafaroq qaytishdi. Kattasi eshikdan kirmasdanoq otasidan dakkini eshitib yig‘lagancha xonasiga o‘tib ketdi. Kichkinam meni oldimga keldi-yu buvisidan shikoyat qila ketdi. - Daraxtga chiqqani qo‘ymadilar, Sarvar mani ursa uni yonini oldilar, oyinga o‘xshagan beoqibatsan dedilar. Oyi beoqibat nima degani... Xamma oila jam bo‘libdi. Bolalar rosa to‘polon qilishgan. Ayniqsa menikilar. NATIJA: Aqlli kelinim, deb maqtab yuradigan qaynonamga boshim og‘rigani oddiy bahona ekanligi oydek ravshan bo‘lgan. “Onasinikiga bo‘lganda chopib borardi, baribir kelin qiz bo‘lmasakan” deganlarini ovsinim ham darrov yetkaza qoldi. Shunda xatoimni tushundim, Menga va bolalarga ko‘rsatayotgan mehrlari darz ketishiga o‘zim sababchi bo‘libman.

Qo‘shnining suluv qizi Alohida yashay boshlaganimizga endi bir oy bo‘lgandi. Qo‘shnilar bilan tanishgim, tezroq yangi dugonalar orttirgim keladi. To‘g‘rima-to‘g‘ri eshikda, mendan ikki-uch yosh kichik bir qiz onasi bilan turarkan. Bir zumda til topishib oldik. U ham g‘iybatchi qo‘shnilardan bezgan ekan shekilli, mendek zamonaviy fikrlaydigan opasi kelganidan hursand edi. Deyarli har kuni biznikiga chiqar, men ishlarimni qilaman u esa gurung berardi. Erim ishdan kelganda zo‘r dugona topganimni, juda aqlli, juda chiroyli ekanligini og‘zimni to‘ldirib maqtayman... Bir kuni qarasam oyoq kiyimini yechayotgan dadamiz ikki ko‘zini qo‘shnini eshigidan uzmay tikilib turibdi. U qiz esa kechki payt bo‘lishiga qaramay o‘ziga oro berib, yo‘lakni supurish bilan banddek. Xullas, ko‘zim ochildi. Avval ahamiyat bermagan ekanman, sevimli qo‘shnijonim, ko‘xlik erim ishdan kelishiga yarim - bir soat qolganda bir chekkasi ochiqroq yo kalta yo ichi ko‘rinadigan kiyimlarda chiqar va to erim kelmaguncha biznikidan chiqmas, erim kelganda esa “rosaaa” shirin tili bilan salom berib, noz bilan chiqib ketar ekan. NATIJA: Rashk alamidan erimga nisbatan munosabatim o‘zgardi. U ham anchagacha sovuqqon bo‘lib yurdi. Oramizga shubxa oralagandi.

Kimning puli barakali?

Alohida chiqqan kunimizdan boshlab, qaynonamning aqlli maslahati bilan o‘g‘li topgan pulini mening qo‘limga olib kelib berardi. Ikkalamizning topgan tutganimiz o‘rtada. Ro‘zg‘orning kam-ko‘stini shunday qilib bitirib oldik. Navbat kir yuvish mashinasiga kelgandi. Bir kun avval ishxonamdan mukofot puli ham berishdi. Yetay deb qoldi-ya deb xursand bo‘lganimcha u pulni ham qo‘shib qo‘ydim. Ertasi kuni kelib qarasam, pul yo‘q. Xavotirda erimga telefon qildim. Onamga tillo zanjir oldim. ... Ha, mayli dedim-u go‘shakni joyiga qo‘ydim. Ishdan kelganlaridan keyin dardim ichimda qolmasin dedimda, men ham bir ikki so‘z aytib, endi pulllarini o‘zlari yig‘ishlarini, men ham o‘zim bilgandek sarflashimni aytdim. To‘g‘rida qaynonamning qo‘shsha-qo‘shsha tillalari bor edi. Bir og‘iz maslaxatsiz bor pulimizni sarflabdilar... NATIJA: Katta janjal bo‘ldi.Uydan baraka ko‘tarildi. Erimning do‘stlar davrasidagi o‘tirishlari ham ko‘paydi. Bir narsa desam, o‘zingni puling bor-ku, ishlat degan javobni eshitaman. Ha aytgandek, qaynonam o‘sha tillani qizimizning muchal to‘yiga sovg‘a qildilar. Muazzam Abdullayeva