Oshxona

Antiqa blinchik — bir xillikdan zerikdingizmi? Unda marhamat!

Zarur masalliqlar: 1 litr sut, 3 ta tuxum, 50 grammdan mayonez va o‘simlik yog‘i, taxminan 2 stakancha un, tuz, shivit; qiyma uchun: 1 kg. tovuq go‘shti, 1 donadan piyoz va sabzi, o‘simlik yog‘i, tuz, murch.

Tayyorlanishi: 1. Shivitni maydalab to‘g‘rab, tuz va mayonez aralashtiring. Chuqurroq idishda tuxumni atalab, sut qo‘shing. 1-2 daqiqa yengil aralashtirgach, mayonezni ham qo‘shing. Suyuqlik bir tekisda aralashishi uchun mikserdan foydalanganingiz ma’qul. Oxirida o‘simlik yog‘i va un solib, quyuq aralashma hosil qiling. Avvaldan qizdirilgan tovada an’anaviy tarzda blinchik pishirib oling.

2. Qiymasi uchun chala qaynatib pishirilgan tovuq go‘shtini somoncha shaklida to‘g‘rab, mayda bo‘laklangan piyoz bilan qovuring. Tovuq go‘shti pishgach, qaynatilgan sabzini to‘rtburchak shaklda to‘g‘rab, qiymaga qo‘shing. Tuz va murchdan ta’bingizga ko‘ra foydalanishingiz mumkin.

3. Ana endi tayyor blinchiklarni o‘raymiz. Buning uchun blinchik o‘rtasiga 1 osh qoshiq qiyma solib, atrofini aylanma harakatlar bilan yig‘ing. Xamirdan tugun hosil qilib, ko‘k piyoz bilan bog‘lang. Dasturxonga qaymoq yoki shirin ketchup bilan birga tortishingiz mumkin.

Tayyorlanish vaqti: 40 daqiqa.

Manba: Darakchi.uz