Oila

Ehtiyot bo‘ling: muhabbatni so‘ndiruvchi odatlar!

Bu safar nozik munosabatlarga yangilik kiritish yoxud juftimizning ko‘nglini zabt etishda asqotadigan usullar haqida sirlashmaymiz. Taajjublanayapsizmi? E’tiroz bildirishga shoshilmang-da, yaxshisi tanlagan mavzumizga diqqat qiling. Zero, bugungi suhbatimiz jinsiy yaqinlik borasida yo‘l qo‘yiladigan xatolar va ehtiroslarning so‘nishiga olib keluvchi holatlar to‘g‘risida bo‘ladi.

Mutaxassis – androlog-seksopatolog Dilmurod ERGAShEV.

Bir xillik

Tasavvur qiling, yaqinlik vaqti hech qanday hissiyotlar yuzaga kelmadi. Xo‘sh, bunga kim aybdor? «Albatta, turmush o‘rtog‘im, axir men nima ham qilolardim?». Agar shu bahona bilan o‘zingizni ovutayotgan bo‘lsangiz, bilingki bu sizning birinchi va eng katta xatongiz. Munosabatlaringizdagi bir xillik ehtiroslarning so‘nishiga olib kelayapti. Eringizga turlanib yurishingiz yoqadimi, demak, shaxsiy hududda ham ana shu jarayonga e’tibor berishni unutmang.

«Bir daqiqa, oyim qo‘ng‘iroq qilayotgandi...»

Har qanday masalada qat’iyatli erkak, nozik munosabatlarga kelganda o‘ta ta’sirchan bo‘lishi hech gap emas. Ayniqsa, visol onlariga ishora qilsayu, kutilmagan qo‘ng‘iroq yoki biror bir serial bilan diqqatini bo‘lsangiz, qo‘pol muomalasini kutavering. Xudbinligi uyg‘onsayu, e’tiborini ham sizdan qizg‘ona boshlaydi. Axir siz uni rad etdingiz.

Juftingizning kayfiyatini bildingizmi, demak, har qanday qo‘nig‘iroqlaru kino va seriallarni unuting-da, bor diqqatingizni unga qarating.

Soxta tuyg‘ular...

Turmush o‘rtog‘imga manzur kelay, deya yaqinlik vaqti aslingizdek ko‘rinmaysiz, hissiyotlaringiz aldamchi ekanligini boplab yashirasiz. Ammo bu qachongacha davom etadi? Avvaliga bilinmasligi mumkin, biroq vaqt o‘tgani sayin o‘zingiz ham zerika boshlaysiz. Sizdagi o‘zgarishlar juftingizning ham e’tiboridan chetda qolmaydi. Keyin... keyin o‘zaro tushunmovchiliklar, gina–kudurat boshlanishi mumkin. Anglaganingizdek, aynan soxta munosabatingiz xatoningiz chuqurlashishiga asos bo‘layapti. Nima qilasiz? Jinsiy munosabatlarda nimani istayapsiz, qay holatlar sizga ma’qul emas yoki aksincha, umr yo‘ldoshingiz bilan suhbatlashing. Ajablanmang, er–xotin uchun buning uyatli joyi yo‘q. Aksincha ba’zida juda ahamiyatli bo‘lishi ham mumkin.

Bo‘rttirish

Nozik munosabatlarga tayyorgarlik ko‘ring deb ko‘p gapirsak-da, ammo ortiqcha hashamdan tiyilishingizni so‘rardik. Aksariyat erkaklar ishtaha bilan bo‘yalgan lablaru, ifori dimog‘ni zaharlovchi atirlarni xushlashmaydi. Yorimni mahliyo etaman deb oro berishni oshirib yuborsangiz, kutilganining aksi bo‘lishi ham hech gap emas. Fahmlaganingizdek, ozginayu sozgina bo‘lgani durust.

Taqqoslash

Juftingiz bir paytlar xayol qilgan oq otli shaxzodangizga o‘xshamasligi mumkin, axir ideal insonning o‘zi yo‘q aslida. Biroq shuni deb nozik munosabatlaringiz sovushi mumkin-da. Yaqinlik vaqti uning xatti-harakatini rag‘batlantirmaysiz, qisinib-qimtinib o‘zingizni go‘yo shu ishni qilishga majburdek tutasiz. Turmush o‘rtog‘ingizning sinchkov nigohi esa sizdagi o‘zgarishlarni payqamay qolmaydi. «Xayoling qayerda?» degan savol yangrashi xamon xushyor tortmasangiz, keyin attang qilishingiz mumkin. Mayliga, u shirin so‘z aytmasin, «Yakkayu yagonamsan» deya ko‘klarga ko‘tarmasin, ammo sevishi uchun imkon bering. Shunda ko‘rasiz, sevilish naqadar baxt ekanini.

Rejalarni chippakka chiqaradi:

– Jinsiy yaqinlik oldidan qattiq qovurilgan, dukkakli o‘simliklardan tayyorlangan taom va yeguliklarni iste’mol qilish hamda gazlangan ichimliklarni ichish hissiyotlarning yuzaga chiqishiga to‘sqinlik qiladi. Soddaroq aytganda to‘q qoringa muhabbat alanga olmaydi;

–Chiroqni o‘chirib, ko‘rpa tagiga yashirinish odati. Siz buni xato deb bilmabmidingiz? Erkaklar ko‘zi bilan sevadi deganlarini unutgan ko‘rinasiz chog‘i. Chiroyingizni oching, axir shunga loyiqsiz;

–Ayni paytda tinchlantiruvchi, antibiotik va bosh miya faoliyatiga ta’sir ko‘rsatuvchi dori vositalarini qabul qilayotgan bo‘lsangiz, bu haqda juftingizni ogohlantirib qo‘ying. Yoki u muolaja olayotganda yaqinlik masalasida shoshilmaganingiz yaxshi. Har ikkala holatda ham preparatlar jinsiy xohishning yo‘qolishiga daxl qilishi mumkin.

Manba: Darakchi.uz