Oila

Er bilan chiqishishning oltin formulasi

Qo‘shni ayolning eri Turkiyaga oilaviy dam olishga olib ketganmish. Qaynisinglingiz kuni kecha kuyov bola olib bergan yap-yangi mashinani minib suyunchisini olib ketdi. Siz esa bunday orzularga berilishdan foyda yo‘q ekanini tushunasiz. Yo‘g‘-e? Nega befoyda bo‘larkan? Axir aytishadi-ku yaxshi niyat yarim davlat deb. Sevgilingizni qo‘lidan hamma ish kelishiga ishonsangiz bas. U sizdan «qachon biz ham odamga o‘xshab yashaymiz», qabilidagi gaplarni emas, balki «menga bundan ham zo‘ridan olib berasiz, shunaqami?» degan qat’iy ishonchni eshitsin.

«NIMANGIZGA UChIBMAN?»

Turmush o‘rtog‘ingizni boshqalar bilan solishtirishni bas qiling.

U bilan yashayapsizmi, demak qaysidir jihati uchun sevib qolgansiz. Ushbu sevgining so‘nib qolmay hamisha yonib turishi esa o‘z qulingizda. Kamchiliklarga kelsak...Beayb parvardigor. Kamchilik sizda yo‘qmi?

«BU MENING VAZIFAM EMAS»

Oilada kim ovqat pishirishi-yu, kim pul topishining nima farqi bor?

Muhimi bu emas, har ikkalangizning oila mustahkamligiga beminnat hissangizni qo‘shayotganingiz. Erkak kishi ayoliga bundan-da yaxshiroq muomalada bo‘lishi mumkin deb hisoblaysizmi? O‘zingiz-chi, har doimga ham u orzu qilgan rafiqa talabiga javob bera olasizmi? Tan oling jilla qursa umringizda bir marta yoqmagan gapiga javoban gap qaytargansiz, kayfiyati yo‘q paytda savollaringiz bilan jahlini chiqargansiz.

«SIZ MENI TUShUNMAYSIZ!»

Erkak kishi sirli ayollarni yoqtiradi deb ichimdagini top qabilida ish tutmang

Nima istayotganingizni ochiqchasiga aytganingiz yaxshiroq. Kompyuter yoki televizor qarshisidan keta olmayotgan eringizga araz qilguncha bir o‘zingiz eplay olmagan ishingiz haqida gapirib undan yordam berishini iltimos qilib ko‘ring. Ya’ni aniq-taniq gap bilan vaziyatga oydinlik kiriting. Masalan, ovqat suzmoqchi edim, reklama paytida nonga chiqib kela olmaysizmi? Ichimdagini topadi deb chuchvarani xom sanamang. Topishi mumkin, faqat... Ichingizdagini tilga ko‘chirganingizdan so‘ng.

«YaNA QAYoQQA?!»

Bir-biringizdan dam olib turing

U yana do‘stlari bilan uchrashgani ketadi. Siz esa har doimgidek uyda yolg‘iz. Shoshmang, nega yolg‘iz bo‘larkan? Sizda dugona yo‘qmi? Modomiki kechki vaqtingiz televizor qarshisida o‘tgan taqdirda ham nima bo‘pti? Qaytaga shu vaqt ichida o‘zingizga yoqadigan birorta filmni ko‘rib olasiz. Do‘stlari bilan ikki kunga baliq oviga ketmoqchi? Mayli, boraversin. «Qanaqa baliq ovi ekanini men bilaman» deb ko‘nglini sovutmang. Yorug‘ yuz bilan kuzatganingizdan minnatdor bo‘ladi, ishonavering. Qolaversa ayriliq hissiyotlarni o‘tkirlashtiradi.

«QAChON QARAMA, SIZ HAQSIZ!»

Ba’zida bahslashib turish ham foydali

Erkak kishi doim haq. Eh, ayol bo‘lish naqadar qiyin-a. Nima qilishga ham hayronsiz. Yon bosay desangiz haqligingiz kundek ravshan. Fikr bildirishga harakat qilsangiz yana tortishib qolishingiz mumkin. «Xo‘p» deb unikini ma’qullayvergan taqdiringizda ichingizda o‘zingiz va unga nisbatan alam to‘planib boraveradi. Keling bahslashib qo‘ya qoling. Faqat madaniyatli tarzda. haqiqatga yaqin faktlarni keltirgan holda, asta, ayollik nazokati ila...

«HOZIR YIG‘LAB YuBORAMAN...»

Ortiqcha ko‘z yoshga xojat yo‘q!

Eringiz qaysarlik qilsa siz ko‘z yoshga erk berishga tushasiz. Axir erkaklarning aksariyati ayollarning ko‘z yoshiga dosh bera olmasligini bilasiz-ku! Bu usulni tez-tez qo‘llashdan nari bo‘ling! Faqat ayrim paytlardagina ish berishi mumkinligini yoddan chiqarmang.

«MENI SEVASIZMI?»

Sevgi izhoriga majburlamang

Bu so‘zlarni eshitish qanchalar yoqimli bo‘lardi-ya. U bo‘lsa hissiz, qarang, so‘rasangiz javob berish o‘rniga televizor ko‘rib o‘tirishini... hafa bo‘lmang! Ko‘pgina erkaklar shirin so‘z bobida no‘noq. Afsus, bu so‘zlar tufayli ayolda baxt gormoni ajralib chiqishini bilishmaydi-da. Ammo dil izhorini hadeb ishlataverish ham uning qadri yo‘qolishiga olib keladi. har kuni «sevaman» so‘zini eshitaversangiz, undan hayajonlanish hissini tuymasligingiz aniq.

«YaNA FUTBOLMI?»

Unga hordiq chiqarishga imkon bering!

Xo‘rsinishlaringiz yordam beradi deb o‘ylayapsizmi? Nega xafa bo‘lasiz? Uyda oilasi yonida futbol ko‘rishning yomon tomoni yo‘q-ku. Siz ham futbolni birga o‘tirib ko‘ring, balki qiziqib qolib undan ham balandroq ovozda «Go-o-ol!» deb baqirarsiz! Yoqmasa yonida o‘tirgancha sevimli mashg‘ulotingiz bilan shug‘ullanishingiz mumkin. Aytaylik kashta tikish, to‘qish va hokazo. Shunda har ikkalangiz bir-biringizga halal bermagan holda dam olasiz!

Manba: Darakchi.uz