Oila

Erkaklar diqqatiga: oila tinchligi sizning qo‘lingizda!

«Ayolim bilan oxirgi paytlarda ko‘p tortishib qolayapmiz. Uni xafa qilib qo‘yayotganimni bilaman. Uzr-ma’zur qilib yarashib olsak ham, kichik tortishuvlarimiz bir-biriga ulanib, katta janjalga aylanishidan, oilaviy xotirjamligimni yo‘qotishdan xavotirdaman...» Bu o‘ylab topilgan gaplar emas, tahririyatga bo‘lgan murojaat! Murojaat egasiga, avvalo, rahmat aytib, ruhshunos Barno ILHOMOVAning oila mustahkamligi yo‘lida erkaklar bilishi kerak bo‘lgan tavsiyalari bilan tanishtiramiz.

«Nega urishib qolaveramiz?»

1-sabab: temperament. Psixologiyada temperament tushunchasi bor. Unga ko‘ra insonlar to‘rt toifaga bo‘linadi: sangvinik, xolerik, flegmatik va melanxolik. Ularning o‘zaro munosabatlari ham o‘ziga yarasha bo‘ladi. Ya’ni qaysilaridan bir-biri bilan oson til topishadi, ba’zilarida esa bir-birini tushunish biroz qiyin kechadi. Bu yashab bo‘lmaydi, o‘rtada sevgi yo‘q, degani emas. Sevish tabiiy, qaysidir nuqtalarda til topishish ham mumkin. Faqat bir-birining fe’lini tushunish qiyin kechadi. Deylik, er — xolerik. U hamma ishini tez bajaradi, ammo sifat masalasida biroz oqsaydi. Flegmatik xotin esa sekin ish qiladi, lekin hammasini maromiga yetkazadi. Erning tiliga «Sen ko‘ylagimni dazmol qilguningcha, men oshga borib, qaytib ham kelaman», degan tanbeh ko‘chadi-yu orada gap qochadi. Demak, qaysi toifaga mansubligingizni o‘rganib, o‘ziga xosliklaringizni inobatga olib, muomala qilsangiz, olam guliston (temperament mavzusiga keyingi sonlarimizda batafsil to‘xtalamiz)!

2-sabab: oilada rollarning aniq taqsimlanmagani. Ya’ni er va xotin o‘z vazifalarini bilmaydi, burchlarini to‘la ado etmaydi, ma’suliyatni doim ikkinchi tomonga yuklaydi, natija esa baqir-chaqir. Oldini olish uchun o‘z vazifalaringizni do‘ndirib bajaring, keyin janjalga nima sabab bo‘layotganini aniqlab, uni bartaraf eting.

3-sabab: o‘ziga bo‘lgan ishonchning pastligi. Har ikkala tomonda ham bu holat kuzatilsa, uyingiz janjalning iniga aylanishi hech gapmas. Chunki o‘ziga nisbatan past baho beruvchi kishi o‘zini juda yomon his qiladi va ishonchni yonidagi odamni azoblash, unga yuqoridan nazar solib, kamchiligini topib, tanqid qilish bilan oshirmoqchi bo‘ladi. Bu o‘rinda erkak ham, ayol ham o‘z ustida ishlab, shaxsiy sifatlarini shakllantirishi kerak. Balkim, mutaxassis ko‘magi zarurdir.

4-sabab: oilaviy krizis davri. Oilaviy hayotning ma’lum bir bosqichlarida ayrim sabablarga ko‘ra inqiroz davri kuzatiladi. Masalan, birinchi yillikda moslashish davri bo‘lgani, uchinchi yillikda esa farzand tug‘ilgach, ayol e’tiborining katta qismi bolasiga qaratilishi, er-xotinga ota-onalik vazifa-burchlari yuklangani sabab ham tushunmovchiliklar yuzaga kelishi mumkin. Ularni birgalikda, muhabbat va sabr, tushunish va hurmat bilan yenga olasiz!

Mustahkamlash shartlari

1-shart. Sizni uylantirib qo‘yishmasin, UYLANING! Ya’ni oilaviy hayotga, uni boshqarish, ta’minlash, farzand tarbiyalashga ma’nan va moddiy jihatdan tayyor bo‘lgach, oila quring. Majburiyat yukining ostida emas, mas’uliyatni his qilib, turmush ostonasiga qadam tashlasangiz, muammolardan himoyalanasiz!

2-shart: ayollardagi o‘ziga xoslikni tan oling. Ya’ni bizning his-tuyg‘ularga tayanib ish ko‘rishimizni qabul qiling. Biroz vahimachi, shoshqaloq, ta’sirchan, qiziquvchan va talabchanligimizni bilamiz. Shunaqa yaratilgan bo‘lsak, nima qilaylik? Sizdan nimagadir va’da olib, to u amalga oshmaganuncha tinchimasligimiz, sizni ham shoshirishimiz bor gap. Shunday kezlarda jahlingiz chiqmasin. Bu sizni yaxshi ko‘rmasligimiz emas, asabingizni egovlashni yoqtirishimiz hammas, his-tuyg‘uga beriluvchanligimizdandir.

3-shart: oila boshlig‘i bo‘ling. 2-shartdan ko‘rib turibsizki, bizning qo‘limizga tizginni tutqazib bo‘lmaydi. Qo‘yib bersangiz, oyga ham uchgimiz keladi. Uyda har doim har qanday masalada oxirgi va eng oqil so‘zni siz ayting. OILA BOShLIG‘I degan so‘zning mag‘zini chaqing. Bu «xotinni qattiq ushlash kerak» degan mashxur maslahat emas. Gul ko‘chatini qo‘lingiz bilan mahkam qisib ushlasangiz, u nobud bo‘ladi-ku axir. Boshliq bu –– tasarrufidagi korxonani boshqarish, uni rivojlantirish, yuksaltirish uchun oqilona qarorlar chiqaridigan, ularning ijrosini ta’minlaydigan shaxsdir. Siz ham shunday bo‘ling. Oilangizning bugunidan ertasini, ertasidan indinini chiroyli va yaxshi qilishga harakat eting.

4-shart: taqiqlaringiz o‘rnini to‘ldiring. Har bir qiz turmushga chiqar ekan, hatto, uni majburlab uzatishayotgan bo‘lishsa-da, «Bo‘lajak umr yo‘ldoshimning uyida tinib-tinchib ketay», deya niyat qiladi. Shuning uchun itoatkor bo‘ladi, nima desangiz, labbay deb ado etadi, ko‘zingizga qarab turadi. O‘zingizni xon, uni qul sanamang. Nimanidir cheklasangiz, uning o‘rniga nimadir qilib, ko‘nglini ko‘taring. Aytaylik, tog‘asining qizining to‘yiga jo‘natmadingiz. Qarindoshlarini ko‘rolmaganidan, to‘yga borib, o‘ynab-kulib kelolmaganidan, buning ustiga «Tushgan joying yaxshi ekan, mana, jo‘natishibdi», degan e’tirofni eshitmaganidan xafa kelinchakka hech bo‘lmasa, bitta shokolad ko‘tarib keling. «Rahmat senga, aytganimga ko‘nganing uchun», deya qo‘liga tutqazganingizda, uning sizga bo‘lgan hurmati chandon oshadi! Bo‘lmasa, doimiy taqiqlardan bir kuni sabr kosasi to‘ladi. Xullas, ayolimning fidokorligini qadrlayapmanmi? Buning evaziga men unga qanday javob qaytarayapman, deya mulohaza qiling.

5-shart: psixologik ehtiyojlar. Bular quyidagilar.

1. Gapirib, maza qilamiz. Ko‘rgan voqea-hodisalarimizni kimgadir to‘lib-toshib so‘zlab bersak, yengil tortamiz. Iltimos sizdan, kuniga aqalli o‘n besh daqiqa bizni eshiting. Nimagadir og‘iz juftlaganimizda «Ey...» deya qo‘l siltasangiz, ertaga sizga chiroyli muomala qilishga o‘zimizda kuch topolmay qolishimiz mumkin.

2. Har kuni maqtov eshitishni istaymiz. Kunda bir marta bo‘lsa ham, «Chiroylisan», «Qo‘ling biram shirin!» «Mehribonsan» degan so‘zlarni aytsangiz, osmonlarga uchib ketamiz, albatta, siz bilan birga!

3. «Men sevimliman!» Shu tuyg‘uni his qilishimizga imkon bering. Har kuni dil izhori kutmaymiz. Haftada, oyda bir «Boringga shukr, xotin!» «Seni qanday yaxshi ko‘rishimni bilsang edi» degan gaplar dilingizdan tilingizga ko‘chib tursa, oilamiz yanada mutahkamlashadi.

4. Sovg‘a kayfiyatimiz kaliti. Aslida, oiladagi tinchlik ayolning kayfiyatiga bog‘liq. Uning kayfiyati a’lo bo‘lsa, qozoningizda shirin ovqat qaynaydi, uyingiz sarishta bo‘ladi, bolalaringizning ko‘zi kulib turadi, sizni «Yaxshi keldingizmi, dadasi», deya kulib kutib oladi. Buning uchun esa faqat tug‘ilgan kun va 8 Martda emas, kunora kichik-kichik sovg‘alar bilan bizni xushnud qiling. Ishdan chiqib, bozorlik qilganingizda biz yaxshi ko‘rgan nimanidir xarid qiling. Pistami, konfetmi yo shokolad? «Bu senga, oyisi!» deganingizda, «Erim ko‘cha-ko‘yda ham meni o‘ylab yurarkan, nimani yaxshi ko‘rishimni bilarkan», deya o‘zimizda yo‘q xursand bo‘lib ketamiz.

6-shart: tarozi pallasini teng ushlang. Aslida ikki ayolning o‘rtasida turib, ularni murosaga keltirish ham bir san’at! Biri sizni dunyoga keltirgan volidangiz, biri avlodingiz davomchilarining onasi, axir! Avvalo, bir tomonga to‘liq og‘mang. Adolatli bo‘ling. Kim birinchi shikoyatni boshlasa, bilingki, muammoda uning aybi kattaroq. Eshitganingizga darhol ishonib, ayolingizni urisha ketmang yo onangizga qarshi bormang. Ikkisining ham fe’li sizga ayon, shunga yarasha muomala qiling. Qarzingizni ham, farzingizni ham unutmang.

7-shart: bosiq va mulohazali bo‘ling. Nimadir xato qilsak, yo aytganingiz yodimizdan ko‘tarilsa, darrov kamsitishga, urishishga, haqoratlashga tushmang. Avvalo vaziyatni o‘rganib, keyin xulosangiz bilan o‘rtoqlashing. Shunda kamchiligimizni darrov bartaraf qilamiz.

8-shart: hozir va shu yerda yashang. O‘tgan haftadagi sho‘r ovqatni, kechagi kun o‘rtangizda gap qochganini hadeb «chaynamang», xotiningizning yuziga solmang. Bu ayollarga xos odat va faqat zararimizga ishlaydi, aslida.

9-shart: qo‘l ko‘tarmang! Ayolingiz jahl otiga mindirgan bo‘lsa ham, zaifaga aslo qo‘l ko‘tarmang. Bu sizning ojizligingiz bo‘ladi, hurmatingizni to‘kadi, ayolning ko‘nglini sovutadi. U sizning jufti halolingiz, bolalaringizning onasi, rafiqasini jismonan va ruhan xo‘rlash er kishiga yarashmaydi!

Manba: Darakchi.uz