Ayol.uz

"Erkakobod". Islomda ayolning o‘rni, feminizm va quldorlik haqida

Yaqinda Toshkent ko‘chalarida bir guruh ayollarning zamonaviy til bilan aytganda, feministik g‘oyalari aks ettirilgan yozuvlarni tutgan holda fleshmob o‘tkazganiga guvoh bo‘ldik. Tabiiy ravishda, bu holat ijtimoiy tarmoqlarda ham, turli saytlarda, bloglarda muhokamalar markazida bo‘ldi. Shundan ham xulosa qilish mumkinki, fleshmobchilar o‘z niyatlariga yetdilar, ya'ni turli doiralarda ularning fikrlari «eshitildi», muhokama qilindi.

Ammo bu mavzu qaysi yo‘nalishga qarab ketdi-yu, masalaning asl mohiyatiga qay darajada teginildi, keling shu haqida fikr yuritamiz.

Inkor etmayman, O‘zbekistonda aynan ko‘tarilgan masalalarda huquqsizlik bor. Bu mavzu allaqachon ko‘tarilishi, tegishli doiralarda yechim izlanishi va shunchaki, ma'naviy-ma'rifiy o‘gitlar doirasida qolib ketadigan masala bo‘lmasligi kerak. Menga eng yoqmagani — vaziyat huquqsizlik illatidan chiqib, mafkuraviy tortishuvga aylanib ketganidir.

Ya'ni, bir qaraganda, go‘yoki ayollarga bo‘lgan hozirgi munosabat o‘zining ko‘p yillik mafkuraviy asoslarga ega bo‘lgan sarqitdan iborat, deb o‘ylaydigan zamonaviy qarash, birinchisi — o‘sha fleshmobchilar. Ikkinchisi esa, rostdan ham, bu holatda muammo ko‘rmaydigan va aynan shu shaklni to‘g‘ri, hatto diniy asosga ega bo‘lgan qarash deb biladiganlar — ular zo‘r berib fleshmobchilarga qarshilik qilishdi.

Avval mana shu mavzularni ajratib olishimiz lozim.

Har qanday mafkuradagi haq-huquqlar, erkinliklarga baho berishda yashalayotgan turmush tarziga emas, ruxsat berilgan chegaralarga qarash to‘g‘riroq bo‘ladi. Sababi — turmush tarzi faqat mafkura va o‘lchovlar ustiga qurilmaydi, zamon va makon, urf-odatlar ham chuqur ahamiyat kasb etganidan, hammasi aralashib, chalkashib ketishi mumkin.

Masalan, Islom dinida ayol kishining o‘rni deganda biz faqat uyda o‘tiradigan, bola tug‘ib ularga qaraydigan, jamiyatdan uzilgan, erining har qanday boshqaruviga chidaydigan shartlarni ko‘z oldimizga keltiramiz. Ammo Islom tarixiga qaraganimizda, rostdanam shundaymi? Payg‘ambarimiz (s.a.v.) davrlarida ayollarning erkinlik chegarasi qayerlargacha borgan?

Aytaylik, payg‘ambarimiz (s.a.v.) vafotidan so‘ng, ularning qizi Fotima (r.a.) ma'lum xususda qat'iy o‘z siyosiy pozitsiyalarini ma'lum qilganlar. Bu o‘z vaqtida payg‘ambarimiz (s.a.v.) boshqalardan alohida ajratmagan «qizim Fotima o‘g‘irlik qilsa ham, jazolayman», deb misol keltirilgan ayol bilan bog‘liq vaziyat. Oysha (r.a.) davlat taqdiri hal qilinayotgan o‘ta jiddiy ziddiyatlarda markaziy o‘rinni egallaganlar. Ya'ni hech kim ularga «bu ayol kishining ishi emas, uyingda aralashmay o‘tir», qabilidagi e'tirozda bo‘lmagan.

Yoki yetakchi rollarda hijrat qilgan, hatto janglarda qatnashgan ayollar haqida bilamiz. Umar (r.a.) bilan bog‘liq ham juda mashhur voqea bor. Mahr shartlari ko‘payib ketib, ko‘pchilik uylanishga qiynalib qolganda, Amir Umar (r.a.) miqdorni kamaytirish, qaysidir chegaragacha belgilash taklifini kiritadi. Shunda majlisda o‘tirgan ayollardan biri e'tiroz qilib, «Alloh chegaralamagan ishlarda sen cheklov kiritasanmi, ey Umar?!» deydi. Umar (r.a.) darhol o‘zining xato qilganini tan oladi.

Xuddi o‘sha Umar (r.a.)ga bir odam kelib, xotinidan shikoyat qilganida, Umar (r.a.) ayoli uning do‘zaxdan to‘sib turuvchi parda ekani, shuning uchun ham ba'zi injiqliklarini ko‘tarish, fe'liga sabr qilish ham lozimligini maslahat beradi. Qur'onda keltirilgan juda ko‘p ibratli hikoyalarda, payg‘ambarlar bilan bog‘liq voqealarda ayollarning tutgan o‘rni, ularning mustaqil qarorlari naqadar ahamiyatli bo‘lganini bilamiz.

Aytmoqchimanki, Islom tarixiga nazar tashlasangiz, bizga singib ketgan kartinani ko‘rmaysiz — eng yuqori doiradagi siyosiy muhokamalarda ham, huquqiy munozaralarda ham, hayotning har bir jabhasida faol bo‘lgan ayol namunalarini, ular jamiyatda normal qabul qilinganini ko‘rasiz.

Mavzuga mafkuraviy baho berishda, aynan mana shu o‘rnaklar olinadi, o‘sha davrlarga xos bo‘lgan umumiy tarz yoki urf-odatlardan emas. Zero, bir necha asrlar oldin nafaqat Sharq, balki G‘arbda ham ayollarga past toifa sifatida qaralgan, u yerlarda ham huquqlar buzilgan. Hatto bugungi kunda Yevropa markazidagi musulmon oiladagi munosabatlar bilan Afg‘onistonning chekka qishloqlaridagi oilani solishtirib bo‘lmaydi.  

Xuddi shu mantiq bilan bir necha yil oldingi arab urf-odatlaridan islomiy yashash tarziga andoza olish ham to‘g‘ri bo‘lmaydi. Yuqorida aytganimdek, bu yerda o‘lchov va qadriyatlar to‘g‘ridan to‘g‘ri mafkuradan, ruxsat berilgan erkinliklar va eng namuna davrdagi munosabatlardan olinadi.

Davrlar o‘zgardi, insoniyat o‘sdi. Insoniyat eski davrdan turmush tarzi va urf-odatlarni meros qilib, qadriyat sanashga majbur emas. Har qanday yangi mafkura bir onda butun jamiyatning yashash tarzini o‘zgartira olmaydi, shunday ekan, ma'lum davrgacha saqlanib qolgan ba'zi urf-odatlar va qarashlarni biz din sifatida tushunmasligimiz kerak. Yuqoridagi gaplardan xulosa qilish mumkinki, Islomning eng yaxshi davrlarida ayollar o‘ta faol bo‘lishgan va bunga hech qanday to‘siq bo‘lmagan. Barchamiz uchun ma'lum bo‘lgan shart va talablar asosida ayollarning jamiyatda faolliklari ta'minlangan. Ularning huquqlari eng jiddiy masalasi sifatida doim ko‘tarilib, yechib kelingan.

Islomning dastlabki davrlaridagi o‘rnaklardan shuni anglash mumkinki, ayolning huquqlari qay darajada ta'minlanganiga qarab, erkaklarning kuchiga, saviyasiga baho berishimiz mumkin. Erkaklar aqlli, o‘qimishli, saviyali, o‘z haqlarini biladigan ayollar bilan munosabat o‘rnata oladigan darajada kuchli bo‘lishi lozim. Balki o‘sha saodat yillarida yoki yurtimizda ilm-fan taraqqiy topgan asrlardagi erkaklarning saviyasi jamiyatda ayollarning zehnini, fikrlarini qabul qila oladigan, ularni himoya qila oladigan darajada yuqori bo‘lgani uchun ayollar faol bo‘lgan, biz jamiyatda ayollarni ko‘tara oladigan salohiyatimiz yo‘qligi uchun ularni uyga qamayotgandirmiz? Menimcha, ayollarning huquqlarini to‘liq va adolatli ta'minlagan erkak eng kuchli erkakdir, aksincha emas. 

Umuman, Islomda er va xotin, rahbar va ishchi, hokim va fuqaro munosabatlarida hech qachon biror toifani yuqori qo‘ymaydi, shunchaki vazifalar taqsimlashda o‘rtadagi farqlarga e'tibor beriladi, xolos. Adolat nuqtayi nazaridan esa, bunday munosabatlarning barchasi «inson va inson o‘rtasidagi» munosabat sifatida qaraladi, ya'ni teng huquqlar ta'minlanishi shart.

Bu tanganing bir tomoni.

Endi, o‘sha fleshmobchilar O‘zbekistondagi ayollar huquqlari haqida bong urar ekanlar, mavjud holatni mana shu eskirgan sharqiy qadriyatlarga bog‘lamasliklari kerak.

Sizga savol, nima deb o‘ylaysiz, erining zulmiga, kaltaklariga chidab kelayotgan ayol nima uchun shunday qilyapti? Eriga itoat qilsa jannatga kirish uchunmi? Yoki dinda, urf-odatlarimizda er yoki qaynonaning barcha zulmlariga chidash kerakligi norma ekani uchunmi? Yo‘q. Aslida unday emas.

U oqibatidan qo‘rqadi. Bir ayolning erining zulmlariga chidab kelishi uning ahmoqligidan, qoloqligidan emas, bu qaror, bu sabr aslida mavjud huquqsizlik va sharoitlarda eng ratsional yechim bo‘lgani uchun shunday qiladi. Holatga g‘oyaviy, mafkuraviy, ma'naviy tus berish eng oson yo‘l — nasihat qilinadi, ota-bobolarimizdan misollar keltiriladi, yetim bolalar haqida rivoyatlar aytiladi, tamom. Aslida, muammoning tubida huquqsizlik yotganini, ayolni mana shu tahqirlarga chidashga majbur qilayotgani narigi dunyodagi do‘zaxdan emas, ajralishdan keyingi hayotdan qo‘rqishidan emasmi? Yoki kelinga zug‘um o‘tkazayotgan qaynona yoki er, bu huquqni din yoki urf odatlardagi huquqlardan emas, balki kelinning baribir, sabr qilishdan boshqa iloji yo‘qligini bilganliklaridan olmayaptilarmi?

Bir tasavvur qiling. Boyagi fleshmoblarning aytganini qilib, urayotgan eridan ajrashib oldi. Uni nima kutadi? Avvalo, aksariyat hollarda ota uyiga sig‘maydi, bu — bir. Ajrashishlar ko‘pincha dastlabki 5–10 yilda ro‘y berishini va sud farzandlarni onaga berishini e'tiborga olsak, uning qo‘lida voyaga yetmagan bolalari bo‘ladi. Farzand bilan keyingi turmushga chiqish ehtimoli bir necha barobar kamayib ketadi. Natijada, u bolalarini kimgadir tashlab ishlagani chet elga ketishi yoki shu yerda moliyaviy qiyinchiliklar ostida yashashga majbur.

Endi, hech qayerda o‘qimagan, xo‘p, o‘z huquqlarini bilmaydigan, bechora mushtipar ayol sifatida emas, o‘z aqlingiz bilan javob bering, qaysi yo‘l yaxshi? Mavhumlik quchog‘idagi mustaqil hayot yomonmi yoki haftada ikki marta kaltaklab turadigan ermi? Ayolga mustaqillik, erkinlik va variant taklif qilayotganda, menimcha, o‘sha qarorning ortidan keladigan muammolarni ham yechishga e'tiborni ko‘proq qaratish lozim.

Bir qator asosiy tezislarni keltirish mumkin.

Marhum shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari agar sizda qiz va o‘g‘il bo‘lsa-yu, moliyaviy ahvolingiz faqat ulardan bittasini o‘qitishga yetsa, qiz farzandingizni o‘qitish kerakligini maslahat berganlar. Qarang, go‘yoki ayollarni uyga qamash, ishlatmaslik «targ‘ib qilinadigan» Islom olimi avvalo qizlarning kasb qilishi muhim ekanini aytgandilar. Chunki turmushda har qanday sharoit bo‘ladi — o‘qimagan yigit ko‘chadan nonini topadi, Rossiyaga borib ham pul topishi mumkin, lekin ayollarimizni kasbsiz, bilimsiz qoldirish oqibati yomonroq.

Shu tomondan qaraganda, yurtimizda qizlarning o‘z tanlagan kasblari uchun tahsil olish sharoiti yaxshi emas, nazarimda. Oddiy misol, juda ko‘p o‘quv dargohlari markazlashgan va asosan Toshkentda. Hamma ham boshqa shaharga qizini o‘qitgani yuboravermaydi. Chekka shahar yoki viloyatlarda esa, cheklangan yo‘nalishlarda tahsil olish mumkin, xolos. Ayollarga bog‘liq huquqsizliklar ko‘proq chekka joylarda ko‘proq ekaniga e'tibor bersak, ayollarda muqobil hayotning o‘zi yo‘qligini ko‘ramiz.

Ikkinchisi. Ajrimlarda ayollarning huquqlari ta'minlanmaydi. Aksariyat holatlarda eridan chiqqan juvon uysiz, ko‘chada qoladi. Buning ustiga, yuqorida aytilganidek, bolalarning asosan onada qolish tajribasi, ayolning ikkinchi turmush imkoniyatini ham, mehnat qilish uchun sharoitini ham cheklab qo‘yadi. Menimcha, sudlar har bir holatga xos yondashishlari va yechim berishlari maqsadga muvofiq bo‘lardi. Holatidan qat'i nazar, bolalarni ayolga berib, erkak bilan arzimagan aliment bilan bog‘lab qo‘yish, ayolni kamsitadi, ozgina pul uchun gadoyga o‘xshab sarg‘ayib yurishiga sabab bo‘ladi, xolos.

Shu kabi, juda ko‘p yo‘nalishlarda tadqiqot olib borish va ayolning jamiyatimizda tutgan o‘rnini oshirishda, huquqlarini tiklashda ko‘proq mehnat qilish zarur.

Ayol kishining o‘qib bilim olish imkoniyati cheklangan. Ayol kishining ikkinchi turmush qurish ehtimoli juda past. Ayol kishi kasb-hunar o‘rganishda to‘siqlarga duch keladi. Ayolning ota-onasidan kattaroq meros olish haqqi ham amaliyotda deyarli yo‘qqa chiqarilgan. Ayol avval otasining o‘g‘ilga meros qoladigan uyida, keyin esa, erining qaynotasidan meros qolgan uyida sig‘indi bo‘lishga majbur. Hech qaysi uyda yoki mulkda to‘liq haqqi bo‘lmaydi. Biz ularni avval biror bir mulkka egalik huquqidan, keyin esa, o‘shanday mulkka o‘z bilimi va kasbi bilan erishish imkoniyatidan ham mahrum qilganmiz. Aynan sabr qilishi, chidashi, sas chiqarmasligi uchun.  

Bir ayolni o‘rab turgan shuncha yuk va shartlardan ko‘z yumgan holda, ularga shunchaki, «o‘z qadringni bil», «eringga xizmatkor emassan», «ajrashib, mustaqil hayot sari qadam qo‘y!» kabi balandparvoz ko‘rsatmalar bilan ularni baxtli qilib qo‘yish mumkinmi? Ancha chuqur va tizimli bo‘lgan muammoni faqatgina ayol o‘z qadrini bilmaslikdan yoki diniy qadriyatlardan kelib chiqayotganini iddao qilish masalaga sayoz yondashish emasmi?

Bir latifa bor. Biroz teskari ma'noda bo‘lsa-da, mantiqan tushadi. Bir yerda xotinidan qo‘rqadigan erkaklar safdan bir qadam oldinga chiqishini so‘rashibdi. Hamma bir qadam oldinga chiqsa, bir erkak joyida turganmush. Ana, qo‘rqmas erkakni topdik, deb savolga tutishsa, «xotinim joyingdan jilma, deb ketgandi», dermish.

Huquqlarini himoya qilib chiqqan ayollar aslida u qadar jabr chekmaganlar, ularning shu ishga jazm etganliklarining o‘ziyoq, o‘ziga yarasha haq va huquqlarini tanishlarini ko‘rsatib turibdi. Haqiqiy mazlumlar esa boshqa. Ularni ko‘rmaysiz. Ular erlaridan qo‘rqqanliklari uchun, aniqrog‘i, oilasini yo‘qotib, ko‘chada qolishni istamayotganliklari tufayli, jim yurishga majburlar. Ularni qo‘rqitadigan oqibatlarga qarshi kurashmas ekanmiz, tanlov uchun variantlarni taqdim etmas ekanmiz, baribir, o‘sha qafasni afzal ko‘raveradilar. Bu yanada og‘irroq.

Qullarni ozod qilib, ko‘chaga haydash bilan ularning muammosi hal bo‘lib qolmaydi.  

 

Qahramon Aslanov