Kutubxona

Ishlaydigan kelinlar diqqatiga: uydagi gap ostona «hatla»masin!

Bir qarashda, g‘iybat bekorchilikdan nima qilarini bilmaydigan ayol (ba’zida erkak)lar mashg‘ulotidek ko‘rinadi. Biroq tadqiqotlardan ma’lum bo‘lishicha, g‘iybat urchiydigan asosiy joy – zamonaviy ofislar ekan. Ishxonadagi suhbatlarning uchdan ikki qismi (yarmidan ko‘prog‘i!) shaxsiy muammolar bilan o‘rtoqlashish va g‘iybatlashish bilan kecharkan. Eng ko‘p g‘iybat (85 foiz)lar oila (er, qaynona, ovsin-ajin, qayin-bo‘yin) ga bag‘ishlanishiga nima deysiz?! Do‘stu dugonalar haqida to‘rt foiz, notanishlar, ishga yangi kelgan xodimlar, rahbariyat haqida sakkiz foiz, mashhur san’atkorlar to‘g‘risida esa ikki foiz g‘iybatlashilar ekan.

Tan olish kerakki, g‘iybat hamisha ham yolg‘on gaplardan iborat bo‘lavermaydi. Ammo, ko‘pincha, aytilmasligi, sir tutilishi lozim bo‘lgan axborotni oshkor etadi. Shuningdek, bu axborot so‘zlovchining o‘z nuqtai nazaridan kelib chiqib talqin qilinishi, biroz o‘zgartirilib, bo‘yab-bejalishi ehtimoli kuchli.

«Sizga aytmasam, kimga ham yorilaman?..»

Ko‘pchiligimiz, ayniqsa, ayollar ofisga faqat ishlash uchun emas, dugonalar bilan chaqchaqlashish uchun kelamiz. Bu odatmi, an’anami yoki mentalitetga xos xususiyatmi, noma’lum. Shunisi aniqki, ish joyida ma’lum chegaralardan o‘tmaslikni, o‘zimizni jiddiy va sipo tutishni, ko‘pincha, eplay olmaymiz. Bir xonada o‘tiradigan dugonamizning oilaviy ahvolini, xususan, eri qayerda ishlaydi, bolalari bormi, qaynonasining fe’l-atvori qanday – barini bilishimiz kerak. Qolaversa, bugun ertalab turmush o‘rtog‘imiz bilan arzimas sababga ko‘ra, jiqillashib olganimizni ham tezroq o‘rtoqlashgimiz keladi. Bizga shunchaki hamkasb emas, yaqin dugona, sirdosh, o‘rni kelganida bepul psixolog kerak. Buni vaqtimizning aksar qismi o‘tadigan ishxonadan, hamxonalarimiz orasidan qidiramiz.

Vaziyat

Uch dugona bir ofisda ishlashadi: Nazokat, Malika va Shohsanam. Nazokat turmushga chiqqan, bir farzandi bor, eri juda mehribon, toparmon-tutarmon odam. Malikaning esa turmushi bo‘lmagan, ikki farzandi bilan ajrashgan. Shohsanam hali qiz bola. Albatta, ish kuni ertalabki axborot almashinish bilan boshlanadi. Keyin kun bo‘yi shu mavzu muhokama qilinadi, gapdan bo‘shagan vaqtda yoki ora-chora boshliq ko‘rinib qolganida ishlagandek bo‘linadi. Qiyin-qiyin, Shohsanamga qiyin: ikki dugonasining umuman bir-biriga zid ikki xil oilaviy tajribasini ko‘rib ikkilanadi. Zero, u har kimning o‘z taqdiri, peshanasiga bitilgani bo‘lishini bilmagani bois dugonalarining oilaviy hayotidan andoza oladi-qo‘yadi. Uningcha, erlarning bari Nazokatnikidan sevikli, mehribon, qaynonalar esa Malikanikidek yovuz va zahar. O‘zicha erga tegsa, albatta, Nazokat kabi erini o‘ziga rom qilishni va tez orada qaynonasidan ro‘zg‘orini bo‘lak qilib chiqib ketishni o‘ylaydi...

Va nihoyat, Shohsanam turmushga chiqdi. Avval boshdanoq qaynonasiga ola qarab, undan yomonlik kutib yurdi. Eriga yaxshi ko‘rinib, faqat u bilan murosa qilishga urindi. Qaynonasi qanchalik harakat qilmasin, kelinning bir samimiy jilmayishini ko‘rmadi. Oxir-oqibat, yosh oila oradan bir yil o‘tmay ajrashib ketdi. Chunki Shohsanamning eri yolg‘iz o‘g‘il edi, hech qachon onasini tashlab ketmasdi…

 “Shurochka” sindromi

«Ishdagi ishq mojarosi» filmidagi jamoatchilik ishlari bilan faol shug‘ullanadigan, yo‘l-yo‘lakay g‘iybatlarni ham do‘ndiradigan Shurochka obrazini yaxshi eslasangiz kerak. Bu juda hayotiy personaj. Ayrim ishxonalarda, haqiqatdan ham, shunday xodimlar bor. Ular o‘zlarini jonkuyar hamkasb, yaqin dugona qilib ko‘rsatish, birovlarning shaxsiy hayotiga burun suqish, ularning muammosini ipidan-ignasigacha bilishni istashadi. Tap tortmay intim mavzularda ham savollar berishadi, shunday ilmoqli gaplar qilishadiki, beixtiyor sir berib qo‘yganingizni bilmay qolasiz. Aslida, ulardan ehtiyot bo‘lish kerak. Chunki, ko‘pincha, shaxsiy hayotini izga ko‘ya olmagan, omadsiz insonlar o‘zgalarning baxtiyor yashamayotgani, ularda ham muammolar bisyorligidan taskin axtaradi. Tabiiyki, ular g‘iybatga o‘ch, g‘iybatsiz yashay olmaydi. Xuddi tezoqar suvdagi shiddatli o‘rama kabi yoniga yaqinlashgan odamni o‘z girdobiga tortib ketaveradi.

Aslida, rahbariyat bunday xodimlarni o‘z vaqtida aniqlab, ularning ish jarayoniga salbiy ta’sir o‘tkazishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun choralar ko‘rishi kerak. Hozir ko‘pchilik ofislarda videonazorat o‘rnatilgan, kadrlar bo‘limi boshliqlari, ayrim hollarda esa hatto boshliqning o‘zi ham xodimlarning «diltortar suhbatlari»ga berilmay, maoshni halollab olayotganini ko‘rib turishi mumkin. Ammo o‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas. G‘iybatlar endi virtual olamga ko‘chdi: ijtimoiy tarmoqlar, ishxona ichidagi mini-chatlar...

Illat izlaganga illatdir dunyo!

Aslida barchasi o‘zingizga bog‘liq. Atrofdagilar kimnidir g‘iybat qilsa, muammolardan gap boshlasa, mavzuni boshqa o‘zanga burib yuborish, hayotingizdagi chiroyli, ibratli voqea-hodisalarni gapirib, odamlarning havasini keltirish o‘z qo‘lingizda.

Vaziyat

Maftuna eri va qaynonasidan noligani-noligan. Avvaliga xonadoshlari uni jon deb eshitishdi. Keyin taskin-tasalli berishdi. Ammo hammaning o‘z hayoti, tashvishlari bor. Nuqul muammolardan gapiraveradigan odam bora-bora hech kimga yoqmay qoladi. Maftunada ham shunday bo‘ldi. Dugonalari uni indamay eshitishadi-yu, keyin o‘zlarining baxtiyor turmushlarini maqtanib gapirib berishadi. Bunday o‘ylab qarasa, Maftunaning ham ulardan kam joyi yo‘q. To‘g‘ri, kamgap, ko‘p erkalamaydigan, jiddiy, ammo mehribon, uyim-joyim deydigan, ichmaydigan, chekmaydigan, begona ayollarga qiyo boqmaydigan eri, qattiqqo‘l, talabchan bo‘lsa-da, o‘g‘lini xotiniga qarshi qayramaydigan, birovlarga kelinini yomonlamaydigan qaynonasi, shirindan-shakar farzandlari, chiroyli hovli-joyi, to‘kis ro‘zg‘ori bor. Shunday ekan, nega endi birovnikida ijarada yashayotgan yoki befarzandlikdan aziyat chekayotgan hamkasblari undan baxtliroq bo‘lishi kerak?! «Ana bo‘masa», dedi-da, Maftuna ham o‘zining oilaviy hayotini maqtashga o‘tdi. Qarasa, anavi ikkisi og‘zini ochib uni tinglaydigan, havas qiladigan bo‘lishdi. Bu Maftunaga yoqardi. Keyin o‘ylab ko‘rsa, rostdan ham baxtli ekan. Bora-bora ko‘z tegmasin, deb oilaviy hayoti to‘g‘risida ishxonada ko‘p ham gapiravermaydigan bo‘ldi.

Manba: Darakchi.uz