Bilasizmi?

Kelinlarga ajoyib sovg‘a: robot-changyutgich Xiaomi Mi Robot Vacuum

Changyutgichga Mi Robot Vacuum nomi berilgan bo‘lib, boshqa raqobatchilariga qaraganda bir qator ustunliklarga ega. Narxi esa juda hamyonbop. Yaponiyaning Nidec kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan kollektorsiz motor yordamida “aqlli” changyutgich 1800 Pa bosimni hosil qiladi. Agar deyarli mana shunday parametrga ega (1670 Pa) AQShning Roomba 980 changyutgichi 900 dollar tursa, Mi Robot Vacuum undan 3 baravar arzon, aniqrog‘i 250 dollarga sotiladi.

Changyutgich asosiy cho‘tkasining balandligi yuzaning tekisligiga qarab avtomatik tarzda sozlanadi, yon cho‘tkalar esa chang va kirni tozalashda yordam beradi. Qurilmaga o‘rnatilgan 12 ta sensor zinalarni aniqlashga ko‘maklashib, changyutgichni to‘qnashuvlardan saqlaydi. Navigatsiya uchun lazer tizimi ishlatiladi, eng qizig‘i, kichkina dastyor o‘zi optimal marshrutni belgilay oladi. Akkumulyator sig‘imi 14,4 V kuchlanishda (deyarli 75 Vt/st) 5200 mA/soatni tashkil qiladi. Avtonom ishlash vaqti 2,5 soatga teng, bu vaqtda taxminan 250 m² joyni tozalash mumkin.

Robot o‘zi zaryadlash stansiyani aniqlaydi va unga borib qo‘shiladi. Smartfondagi ilova orqali robot-changyutgichning holatini tekshirish va uchta rejim (normal, shovqinsiz va faol) orasida almashish mumkin. Shuningdek, ma’lum belgilangan vaqt oralig‘ida tozalash imkoniyati ham ko‘zda tutilgan. Mi Robot Vacuum sotuvi Xitoyda 6-sentyabr kuni boshlanadi. Robotga qo‘shimcha tarzda uning ko‘chishini cheklaydigan virtual devorlarni ham sotib olish mumkin.

Nima ham derdik, bunday texnologiyalar hayotimizni yanada qulaylashtiradi. Ayniqsa, kelinlarimizga juda asqotishi, shubhasiz :)

Mavlon Marasulov