Bilasizmi?

OTMlarda attestatsiya sinovlarida ko‘chirmakashlikka qarshi kurash kuchaytiriladi

O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyasi to‘g‘risidagi nizomga kiritilgan o‘zgartirishlar Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi, deya xabar qilindi «Huquqiy axborot» Telegram-kanalida.

Nizomga muvofiq, bitiruvchilar ayrim fan bo‘yicha, ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha fanlararo yakuniy attestatsiya sinovi hamda bitiruv malakaviy ish (magistrlik dissertatsiyasi) himoyasi bo‘yicha attestatsiya topshirgan. Kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq, ayrim fan bo‘yicha attestatsiya xorijiy tilga (oliy ta’lim muassasasi Kengashi qaroriga asosan kiritiladi) o‘zgartirildi, shuningdek endilikda diplom loyihasi himoyasi ham attestatsiya hisoblanadi.

Attestatsiyadan o‘tmagan bitiruvchilarning attestatsiyasi oliy ta’lim muassasasining yuqori turuvchi vazirlik (idora) tomonidan tuziladigan komissiyasi tomonidan o‘tkaziladi. Ilgari Davlat test markazi vakillari ishtirokida o‘tkazilgan.

Shuningdek, attestatsiya sinovlarida mualliflikni o‘zlashtirishga (plagiatga) yo‘l qo‘yilmasligi mustahkamlandi.

Bundan tashqari, Attestatsiya sinovidan o‘ta olmagan shaxs attestatsiya sinovini keyingi yillarda qayta topshirish huquqiga ega bo‘ldi. Ilgari faqat uch yil ichida qayta topshirish mumkin edi.