Salomatlik

Planka mashqini bajarib, ozamiz

May oxirida 57 yoshli AQShlik Jorj Xud plankada 5 soat turib, dunyo rekordini o‘rnatdi. Bir qarashda bu oddiy mashq bo‘lib ko‘rinishi mumkin, lekin uning qiyinligiga mashqni bajarib ko‘rib amin bo‘lishingiz mumkin.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, planka harakatsiz, turg‘un holatdagi mashq bo‘lib, uni bajarish chog‘ida qorin, bel, yelka va dumba muskullari ishlaydi. U tananing maksimal miqdordagi muskullarini harakatga keltiradi va shu tufayli universal mashq hisoblanadi.

Dastlab plankada turishni bir daqiqa davom ettirish tavsiya etiladi, asta-sekinlik bilan vaqtni 5—7 daqiqaga yetkazish mumkin.

Shifokorlar umurtqa pog‘onasida muammolari bo‘lgan kishilarga planka mashqini bajarishda juda ehtiyot bo‘lishni maslahat beradi. Yukni barobar taqsimlash texnikasiga rioya qilinmasa, u tananing qandaydir bir qismiga tushib qoladi, bundan ko‘pincha bel zarar ko‘radi.

скачанные файлы

Mutaxassislar planka mashqini bajarish bo‘yicha quyidagi ko‘rsatmalarni beradi:

Tirsaklarni to‘g‘ri yelkalar tagiga qo‘ying, bilaklar o‘zaro parallel bo‘lsin. Tos suyagini ichkariga qaratib torting, biroq dumba qappayib chiqib qolmasin. Oyoqlarni tekis chiziq bo‘ylab cho‘zing. Bo‘yningiz esa umurtqa pog‘onasining davomi bo‘lsin. Tovon bilan orqaga, kurak suyagi bilan tepaga intiling. Shu tariqa siz tekis planka chizig‘ini hosil qilasiz.

Mashq bajarish chog‘ida barcha muskul guruhlari ishlashi lozim. Buning uchun qorin va dumbani ichkariga tortib, tarang tutish kerak. Va albatta, chuqur va bir tekisda nafas olishni unutmang, nafasingizni tutmang.

Maqolani tayyorlashda “Lady.mail.ru” sayti ma’lumotlaridan foydalanildi.