Ayol.uz

Qaynonaga yoqish shartmi?

Kelin erining ota-onasi bilan birga yoki alohida turishidan qatʼiy nazar, uning qaynona oldida qator majburiyatlari mavjud. Masalan, kelin qaynonani  hurmat qilishi shart, qaynonaga shirin soʻz boʻlish muhim! Qaynonaning xizmatini qilish kerak. Qaynonaga choy tayyorlash lozim, qaynonaga gap qaytarmaslik kerak, qaynonaga qoʻpollik koʻrsatmaslik muhim va hokazolar. Bundan tashqari, barcha oilaning oʻziga xos talab va ehtiyojlari boʻlishi mumkin. Ularga amal qilish kelinning burchidir. Lekin u bir narsani bajarishga majbur emas. U ham boʻlsa, qaynonaga yoqish! Kelin qaynonaga yoqishi kerak emas, bu muhim ham emas, shart ham emas! Mana shu oddiy iborani tushunib yetgan kelin qaynonasidan xafa boʻlishni toʻxtatadi, qaynonasining qovogʻi uyushganda buni oʻziga olmaydi, qaynonasi minnatdor boʻlmaganida asabiylashmaydi.

Kelin, avallambor, eriga yoqishi kerak. Erta-yu kech, tun-u kun u eriga yoqimli boʻlishi haqida oʻylashi kerak. Gapi bilan, koʻrinishi bilan, qiliqlari-yu ovqati bilan, tili va dili bilan eriga yoqishi lozim. Bu ayolning eng birlamchi vazifasidir. Qaynona erning onasi boʻlgani uchun unga yaxshi munosabatda boʻlishi lozim, lekin uning mehr-muhabbatini qozonish shart emas. Bunga harakat qilish ham talab etilmaydi. Qaynona kelinini yoqtirib qolsa, juda yaxshi. Lekin agar u qaynonasiga yoqmayotgan boʻlsa, ming afsus, muhimi, u eriga yoqmoqda. E'tibor qaratish lozim bo'lgan muhim jihat shundaki, qaynonaga yoqmaslik — bu uni hurmat qilmaslik degani emas. Shu nozik farqni his eta olish kerak. Yaʼni kelin oʻz kelinlik vazifalarini qoʻlidan kelganicha bajarishi, lekin natijada qaynonasi uni yoqtirib qolishidan umid qilmasligi zarur. Mana shunda gina, alam, janjal va qovoq uyishlarga joy qolmaydi. Kelin kelinlik vazifasini bajaradi, qaynona qaynonalik vazifani. Muhabbat, yoqtirish, ranjish kabi tuygʻular esa bu munosabatlarga aralashmaydi. Bir tomondan kelinning “oyijonimga nima qilsam ham, yoqmayman“ deb yigʻlashlariga yakun yasaladi. Chunki u nimadir ish qilayotgan boʻlsa, qaynonasiga yoqish uchun emas, kelinlik vazifasini bajarish uchun qilayotganini anglay oladi. Ikkinchi tomondan, qaynona oʻgʻliga “xotiningning hech bir ishi-yu, qiligʻi yoqmaydi”, deganida er bemalol “oyijon, xizmatingizni qilyapti-ku, yoqmaydigan xizmatidan shikoyat qiling, oʻzidan emas”, deb ayta oladi.

Afsus, baʼzi kelinlar qaynonasiga yoqish niyatida butun yoshlik davrini shunga ketkazadi. Natijada yoshligi oʻtib ketgan boʻladi, orada eri va bolalariga na kuchi va na mehri qolgan boʻladi. Ertalab soat 5 ta turib, kuni bilan qaynonasiga yoqish niyatida tinmay ish qilib, kechasi soat 12 dan soʻng erining oldiga kirganida ayol, afsuski, eriga yoqishi ham kerakligi haqida unutib qoʻyadi yoki bunga kuchi qolmaydi. Kelin xizmatkor emas, u ham shu xonadon bekalaridan biridir. Qaynona kelinni yoqtirmayotgan boʻlsa, bu qaynonaning muammosi, kelinniki emas. Kelin kelinlik xizmatini qoʻlidan kelganicha, imkoniyatidan kelib chiqqan holda bajarishi kerak. Qaynonaga yoqish darajasida emas. Ayol qaynonasiga emas, eriga yoqimli boʻlish uchun qancha harakat qilmasin, arziydi! Bu uning oilasi saqlanishiga ham yordam beradi. Qaynonaga yoqish niyatida yurgan ayolning esa er -xotin munosabatlarini boyitishga kuchi qolmaydi.

E'zoza Bahodirova

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin