Ayol.uz

Tirnoqlar parvarishi qanday olib borilishi kerak?

Tirnoqlar o‘z vaqtida olib yurish qanchalik muhimligini hammamiz juda yaxshi bilamiz: qo‘limizdagi tirnoqlar tagida bakteriyalar qo‘nim topadi va ular osongina ichimizga tushishi mumkin.

Tirnoq – barmoqlar bolishi ustidan chiqqan shoxsimon plastinkalar, tana va ildizdan iborat. Tirnoq o‘rnining ildiz va chuqurcha bilan qoplangan qismi matritsa deyiladi, shu matritsa hujayralarining kuchayishi tufayli tirnoq uchiga qarab asta-sekin o‘sib boradi. Tirnoq uzunligi 10-15 mm, eni 10-17 mm, qalinligi 0,30-0,37 mm, ayollarda kichikroq va yupqaroq; sog‘lom kishining tirnog‘i bir oz bo‘rtib chiqqan, silliq, tiniq va rangsiz bo‘ladi.
Ba’zida oyoqning bosh barmog‘ida tirnoqlar ikki yonga yoki o‘z o‘rniga botib o‘sadi. Ular botganda odamga qattiq og‘riq beradi. Ba’zida esa botib o‘sgan tirnoqlar yiringlab, yanada ko‘proq azoblaydi. Albatta, oyoqlarga pardoz berib, pedikyur qildirish hammaning cho‘ntagiga to‘g‘ri kelavermaydi, biroq oyoqning, ayniqsa, tirnoqlarning holatini ko‘zdan kechirib turish har kimning ham qo‘lidan keladi. Shunday ekan, tirnoqlarning o‘sib ketishiga va ko‘ngilsiz oqibatlarga olib kelishiga yo‘l qo‘ymang.
Tirnoq botib o‘sganda uning o‘rtasi bo‘ylab barmoqning chuqurchasidan chekkasigacha egov bilan ehtiyot bo‘lib iloji boricha chuqurroq kovak (jo‘yak) qilasiz. Bir necha kundan so‘ng tirnoqlar burchakdan chiqadi va og‘riq to‘xtaydi. Bundan keyin tirnoqlarni shunday kesish kerakki, burchaklar kesilib ketmasin va yumshoq to‘qimalar jarohatlanmasin.
Agar tirnoqlarda muammo paydo bo‘lsa, darhol dermatolog yoki jarrohga murojaat qilish kerak.
Tirnoqlar tozaligiga doimo rioya qiling, qo‘lni suvda chayishning o‘zi yetarli emas, tirnoqlar tagiga e’tibor qaratgan holda sovunlab yuvish lozim. Agar salonda manikyur yoki pedikyur qildirmoqchi bo‘lsangiz, tozalik qoidalariga qanchalik rioya qilinishini tekshiring. Manikyur-pedikyurni uyda amalga oshirmoqchi bo‘lsangiz ham, faqatgina sterillangan asboblardan foydalaning.

Tirnoq ostini tozalash uchun hech qachon o‘tkir predmetlardan foydalanmang, buning uchun maxsus manikyur asboblari bor.
Qo‘l tirnoqlariga qaraganda oyoqdagi tirnoqlar kasalliklarga (masalan, zamburug‘larga) chalinuvchan bo‘ladi. Buning oldini olish uchun aslo birovning poyabzalini kiymang. Siz tanlagan poyabzal oyog‘ingizga mos bo‘lsin, unidan suv o‘tmasligi kerak. Har kuni kechqurun oyoqlarni yaxshilab yuvishdan erinmang.

Diqqat! Onixomikozlar tirnoqlarning zamburug‘lar bilan zararlanishi bo‘lib, bu xastalik bilan aholining 5-6 foizi og‘riydi. Kasallik tirnoq plastinkasi chetidan boshlanadi. Unda oqish, sarg‘imtir ko‘kish dog‘lar paydo bo‘lib tirnoqlarning rangi o‘zgaradi va tirnoq ostki qismi qalinlashadi. Keyinchalik tirnoqlar uvalana boshlaydi va hatto umuman yemirilib ketishi ham mumkin.


Gulhayo Raxmonova tayyorladi.