Oila

Tug‘riqdan keyingi nozik munosabatlar borasida 5 savolga 5 javob

Farzand tug‘ilishi erkakni ota, ayolni onaga aylantirishi bilan birga oilaning kun tartibi, hayotiy qarashlari, eng nozik munosabatlarigacha o‘zgarishlar kiritadi. Buni qarangki, odamlar orasida tug‘ruqdan keyingi er-xotinlik munosabatlariga oid haqiqatlardan ko‘ra afsonalar ko‘p ekan. Seksopatolog-shifokor Lola AHROROVA ana shunday tagi puch «asotir»larga izoh beradi.

Tuqqan ayol 40 kun chilla saqlashini hammamiz bilamiz. Shifokorlar tug‘ruqxonadan chiqayotganidayoq ayolga shu davr (eng kamida 6 hafta) mobaynida jinsiy yaqinlikka yo‘l qo‘ymaslikni ta’kidlashadi. Bu ta’qiq bejizga emas.

Birinchidan, tug‘ruq yo‘llari turli infeksiyalarga o‘ta ta’sirchan bo‘ladi. Mabodo bachadonga biror infeksiya tushsa, bu davrda unda darrovgina yallig‘lanish jarayoni (endometrit) yuzaga keladi. Ushbu xastalik esa tug‘ruqdan keyingi eng og‘ir asoratlardan biri sanaladi.

Ikkinchidan, jinsiy yaqinlik vaqtida tug‘ruq davomida shikastlangan qon tomirlaridan qon ketib qolishi mumkin. Tug‘ruqdan so‘ng bir yarim oy o‘tgach, ayol albatta ginekolog huzurida tibbiy ko‘rikdan o‘tishi zarur. Shifokor ruxsati bilangina er-xotinlik munosabatlarini tiklash kerak.

Birinchi afsona

Gulmira, 24 yoshda, 3 oylik o‘g‘li bor: — Tuqqandan keyin bir yarim yil ayol eri bilan yaqinlashmasligi kerak. Chunki ona organizmi turli gormonal: homiladorlik, tug‘ruq va ko‘krak suti bilan boqishdek o‘zgarishlarga duch keladi. Aslida ayolning tashqi bakteriyalarga qarshi tura olish qobiliyati tug‘ruqdan so‘ng 2 yil o‘tib tiklanadi, deyishadi...

Mutaxassis sharhi: — Bu naq afsonaning o‘zi. Tabiatning o‘zi hamma narsani bir-biriga mutanosib yaratgan. Agar tug‘ruq og‘ir va asoratli kechmagan bo‘lsa, 6 haftadan so‘ng er-xotinlik munosabatlariga yo‘l qo‘yish mumkin. Siz aytayotgan 2 yildan so‘ng eng chuqur mushak qavatlari tiklanadi, qonning kimyoviy va klinik tarkibi me’yoriga keladi, gormonlar tug‘ruqdan avvalgi holiga qaytadi. Shuning uchun ham shifokorlar tug‘ruqdan keyin darrov yoki bir necha oy o‘tkazib yana homilador bo‘lishni tavsiya qilishmaydi. Ammo bu jinsiy yaqinlikni ta’qiqlash degani emas.

Ikkinchi afsona

Mohrux, 26 yosh, 1,5 oylik qizi bor: — Sut ishlab chiqarilishi bosh miyaga bog‘liq. Hozirgi eng asosiy vazifam — bolani ko‘krak suti bilan boqish turganda qanday qilib boshqa masalalarga chalg‘ishim mumkin. Intim munosabatlar sutning kam ishlab chiqarilishiga olib keladi…

Mutaxassis sharhi: — Intim yaqinlik sutning tarkibiga ham, sifatiga ham, miqdoriga ham ta’sir qilmaydi. Chunki:

Birinchidan, bolani ona sut bilan boqsa-da, asli sutni go‘dakning o‘zi chiqarib oladi. Qandaydir g‘aroyib qonuniyat tufayli bola aynan unga qanday va qancha sut kerak bo‘lsa, shunaqasini «buyurtma» qiladi.

Ikkinchidan, ona «sut ishlab chiqaruvchi ferma» emas. U bolani boqishdan tashqari uydagi va ayrim onalar ishdagi masalalar bilan shug‘ullanadi. Jinsiy yaqinlik ham ana shunday kundalik «tashvishlardan» bittasi xolos.

Uchinchi afsona

Malika, 23 yosh, 2 nafar 3 yosh va 1 oylik chaqalog‘i bor: — Bolamni ko‘krak suti bilan boqayotganimda, men homilador bo‘lib qolmayman. Shu bois yangi tuqqan ayollarga bachadonini ustma-ust shikastlamaslik uchun ko‘krak suti bilan boqish davrida kontratseptiv vositalardan foydalanmasliklarini maslahat beraman.

Mutaxassis sharhi: — Hayz ko‘rmaslik ovulyasiya (tuxumdondan urug‘lanishga tayyor bo‘lgan tuxum hujayraning chiqishi) ham bo‘lmaydi, degani emas. Shunchaki bu davrda sut ishlab chiqarilishiga mas’ul bo‘lgan prolaktin gormoni shu darajada ko‘p bo‘ladiki, estrogenning(aynan shu gormon tufayli ayol har 21-35 kunda hayz ko‘radi) ta’sirini pasaytiradi va ko‘p hollarda ayol tug‘ruqdan keyingi 6 oy davomida yo umuman hayz ko‘rmaydi yo hayzi odatdagidek bo‘lmaydi. Ammo hayz sikli saqlanadi. Shunday ekan, ko‘krak suti bilan boqish to‘liq kontratsepsiya emas.

To‘rtinchi afsona

1 oylik chaqalog‘i bo‘lgan 27 yoshli Saltanat ismli mushtariyimiz tahririyatga qo‘ng‘iroq qilib, chilla davrida turmush o‘rtog‘i bilan yaqinlikdan saqlayotgani va bunday munosabatlarni tiklashda nimalarga e’tibor berishi kerakligini so‘radi. 4 kg. 200 gr. vaznda tug‘ilgan o‘g‘lini tabiiy yo‘l bilan dunyoga keltirgan ekan. «Tug‘ruq tufayli jinsiy yo‘llar kengayib ketgani ta’sir qiladimi, deb qo‘rqaman», deydi u.

Mutaxassis sharhi: — Bu — yarim afsona. Ammo aslo tushkunlikka tushmang. Tug‘ruqdan keyin qin yuzaga chiqib qoladi va bu tabiiy hol. Shuning uchun ham tuqqan ayollar uchun Kegel ismli doktor maxsus mashq o‘ylab topgan. Bu qin va anusni siqib, so‘ng bo‘shashtirishga asoslangan. Bunday mashqlarni maxsus adabiyotlarda va internet sahifalarida «Kegel mashqlari» nomi ostida ko‘rish mumkin. Qin devorlari va mushaklarni siqib, qo‘yib yuborishni tez va sekin amalga oshirish mumkin. Mashqlarni almashlab turli xillarini bajarsangiz, natija tezroq ko‘rinadi. Ammo buning uchun mashqlarni har kuni bajarish lozim. Mutaxassislar kichik hojatga borganda peshobni ham to‘xtatib turish kerakligini aytishadi. Buni albatta shifokor bilan maslahatlashish kerak.

Agar tug‘ruqdan keyin bachadon va qin tushishi bilan bog‘liq muammolardan aziyat cheksangiz, eringizni bu fiziologik jarayonlar haqidagi hikoyalaringiz bilan qo‘rqitmang. Yaxshisi, ginekolog-xirurgga murojaat qilsangiz, sizdagi muammolarni hal qilish imkonini beruvchi intim plastikasi amaliyotini o‘tkazadi.

Beshinchi afsona

Ko‘pchilik ayollarning tug‘ruqdan so‘ng ma’lum vaqt davomida jinsiy mayli susayadi. Afsuski, bu muammo erlar tomonidan hamisha noto‘g‘ri qabul qilinadi. Bu horg‘inlikni erkakka tushuntirish uchun 2 xil yo‘l tutish mumkin. Birinchi yo‘l umr yo‘ldoshingizga uni sevishingizni ayting. Avvalgidek ehtirosli emasligingizni tabiatning ishi deb tushuntiring.

Ikkinchi yo‘li turmush o‘rtog‘ingizga bola tug‘ilishi bilan bor kuch-g‘ayratingiz parvarishlash ishlariga ketayotganini amaliy isbotlashdir. Buning uchun hech bo‘lmasa bir kunga bola parvarishlash ishlarini eringizga topshiring.

Yana bir eng yaxshi usul farzandlaringizni bobo-buvilarinikiga yuborib, dam olish kunini er-xotin yolg‘iz o‘tkazing. Umuman olganda, sizdagi jinsiy maylning susayishi charchash, tug‘ruqdan keyingi depressiya yoki qandaydir sovuqqonlik sabab bo‘lsa, eng to‘g‘ri yo‘l bir kun bo‘lsa ham dam olishdir. Shunda hamma muammolar o‘z-o‘zidan hal bo‘ladi.

Xullas…

Bola tug‘ilganidan so‘ng ayol organizmi qandaydir sirli ravishda qayta tiklanib, kichik tos sohasidagi nerv tugunlari yangitdan o‘z faoiyatini boshlagandek bo‘ladi. Farzandli ayollar yanada ta’sirchan va nozik bo‘la boradilar. Tuqqan ayollarning ko‘zlariga bir boqing: ularda qandaydir iqror, tushunish tuyg‘usi aks etadi. Ayol jismoniydan tashqari, bir qator ruhiy, emotsional o‘zgarishlarga ham duchor bo‘ladi. Farzand dunyoga kelishi bilan er-xotin o‘rtasidagi nozik munosabatlar sustlashmaydi, aksincha, yangi bosqichga ko‘tariladi. Faqat siz va turmush o‘rtog‘ingiz yangi, balki avval sizga notanish bo‘lgan muhit yaratdingiz, endi unga ko‘nikish va o‘zingiz uchun zarur kayfiyat hosil qilishingiz darkor.

Manba: Darakchi.uz