Madaniyat

Uy sharoitida yuzni oqartirish

Yuz terisini quyosh, shamol va sovuq ta’siridan asrash uchun yuzga tuxum oqini surtish lozim. Ushbu muolaja uzog‘i bilan 10 daqiqa davom etadi.

Bargizub (zubturum) ham yuzni oqartirish xususiyatiga ega. U yaralarni tez bitishiga yordam beradi.

Buning uchun zubturumning yangi chiqqan, yirik barglaridan olib, xuddi o‘sma kabi qo‘lda siqiladi va suvi yuzga surtiladi.

Oftob tig‘ida qoraygan yuz terisini iliq sut bilan artish ham ancha foydalidir. Bunda nafaqat teri oziqlanadi, balki yuzingiz a’lo darajada oqaradi. Umuman olganda, sut mahsulotlari – tvorog, suzma, qatiq ham yuz terisini oziqlantirib, taranglashtiradi.

Yuzning tiniq bo‘lishi uchun baqlajon suvi bilan artish ham foydalidir. Bundan tashqari, limon suvi kunora surtilsa, yuzni silliq qiladi.

Yuz terisini oqartiruvchi niqoblar:

50 gramm asalga 5 tomchi limon sharbati qo‘shib aralashtiriladi. Tayyor bo‘lgan aralashma ertalab yuzga surtiladi va 15 daqiqadan so‘ng yuvib tashlanadi. Ushbu niqob yuzni tabiiy ravishda oqarishini ta’minlaydi.

***

Bir dona limonni siqib, suviga 100 gramm asal qo‘shasiz. Uni muzxonada saqlab, har kuni ertalab yuz yuvishdan oldin 10-30 daqiqa yuzingizga surtib qo‘ysangiz, ajinlar tushishining oldini oladi.

N.Uglamova 

«Sog‘lom avlod» gazetasi.

Manba: Avitsenna.Uz