Salomatlik

Uzoq umr ko‘rishning siri nimada?

Yaqin kelajakda insonlar 200 yil, hatto 300 yillab umr ko‘rishi mumkin ekan. Ushbu fikrni tasdiqlovchi dalillar bor, albatta.

Insoniyat qadimdan uzoq umr ko‘rish sirlarini topishga harakat qiladi. Amerikada istiqomat qilgan ispan tadqiqotchisi Ponse de-Mon odam organizmida “yoshlik favvorasi”, professor Mechnikov “qarilik zahri”, Siolkovskiy esa “his etuvchi va fikrlovchi atomlar” mavjud deb hisoblab, bu borada ko‘plab ilmiy tadqiqotlar olib borgan. Biz bilan zamondosh gerontologlar (umrni uzaytirish bilan bog‘liq fan mutaxassislari) bildirayotgan fikrlarga ko‘ra, yaqin kelajakda insonlar 200 yil, hatto 300 yillab umr ko‘rishi mumkin ekan. Ushbu fikrni tasdiqlovchi dalillar bor, albatta.

“Qarilik genlari”

Monreallik genetik olimlar tomonidan qurtlarda “geniogenlar” (“qarilik genlari”) kashf qilindi. Olimlar tadqiqot davomida “qarilik genlari”ni olib tashlashgach, qurtlarning umri 5 barobarga uzaydi. Ayni paytda ularining faolligi oshish bilan birga, oziqlanishga ehtiyoji keskin kamaydi. Oradan ko‘p o‘tmay inson a’zolarida ham “qarilik genlari” borligi aniqlandi. Endilikda mutaxassislar mazkur masalaga jiddiy yondashsalar inson umri bir necha barobarga uzayishi mumkin.

Ochlik – mo‘’jiza

Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, inson a’zolarida paydo bo‘ladigan kislorodning faol shakllari uning keksayish jarayonini tezlashtiradi. Kislorodning faol shakllari ichki organizmdagi barcha hujayralar tarkibiy qismi va yurak qon-tomir faoliyatini ishdan chiqaradi. Bunga qarshi yagona chora — ochlik deyilmoqda. Olimlar ro‘za kasalliklarga qarshi immunitetni kuchaytirishini, ro‘za tutgan odamda ushbu maqsadga xizmat qiluvchi hujayralar o‘n marta ko‘payishini ilmiy isbotlagani bejiz emas.

Shuningdek, iste’mol qilinayotgan oziq-ovqatning kaloriyasi qanchalik yuqori bo‘lsa, kislorodning faol shakllari shunchalik ko‘payadi. Shuning uchun uzoq umr ko‘rishni istovchilar kam kaloriyali ovqatlar bilan birgalikda ho‘l meva va sabzavotlarni ko‘proq tanovul qilishlari hamda sharbatlar, dorivor giyohlar damlamalari va ko‘k choy ichishlari maqsadga muvofiqdir.

Tadqiqot natija berdi

AQShdagi qarilikni o‘rganish Milliy instituti olimlari tomonidan ochlik bilan umrni uzaytirish ustida olib borilgan tadqiqot natijalari e’lon qilinganda, buni keng jamoatchilik katta qiziqish bilan qarshi oldi. Yarim yil mobaynida 48 nafar odam iste’mol qiladigan oziq-ovqatning odatdagi me’yoridan to‘rtdan bir qisminigina tanovul qilish bilan cheklandi. Natijalar esa ularning a’zolarida qarishni to‘xtatish jarayoni keskin kuchayganini ko‘rsatdi.

Uzoq umr ko‘ruvchilar qayerda?

Gerontologlarning fikricha, sayyoramizda eng uzoq umr ko‘ruvchilar Abxaziya, Pokistondagi Xunza viloyati va Ekvadordagi Vilkabambe qishlog‘i aholisi hisoblanadi. Har uchala hudud ham tog‘li joylar bo‘lib, u yerlarda istiqomat qiluvchilar bir asr umr ko‘rsalar-da, ruhan va jismonan tetikligi bilan ajralib turadi. Olimlar ularning hayot tarzini o‘rganishganda, bu yerlik aholining bolalikdan to‘yib ovqatlanmasligi va ko‘pincha och yurishga ko‘nikkani ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, ular iste’mol qiladigan oziq-ovqatlarning aksariyat qismini ho‘l meva va sabzavotlar tashkil qilib, asosiy vaqti esa toza havoda jismoniy mehnat qilish bilan o‘tishi aniqlangan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Yaponiyada ham 100 yoshga kirganlar soni soat sayin o‘sib bormoqda. 1963 yili bu yerda 153 nafar 100 yoshga kirgan odam ro‘yxatga olingan bo‘lsa, hozirda ularning soni 36 ming nafardan ko‘pni tashkil etadi.

Tibbiy maslahat

Mutaxassislarning qayd etishicha, uzoq umr ko‘ruvchilarning hayot tarzlarida ayrim o‘xshashliklar bor. Masalan, ularning hech biri ortiqcha vazndan aziyat chekmaydi. Ma’lumki, organizmdagi to‘plangan yog‘lar yurak faoliyatiga salbiy ta’sir o‘tkazib, qon-tomir sklerozi xastaligini keltirib chiqarishi mumkin. Shu boisdan ham uzoq umr ko‘rish garovi — parhez. Yog‘li taomlardan qochib, ko‘proq sabzavotlar, ko‘katlar, ho‘l mevalar iste’mol qiling. Stresdan saqlaning. Uzoq yashashning yana bir shartiga ko‘ra, hech qachon jismoniy harakatdan erinmaslik kerak.

Farhod Esonov, O‘zA