Bilasizmi?

Xiaomi ayollar uchun muhim «aqlli» gadjet taqdim etdi

Bizda «xitoycha Apple»ning mahsulotlari orasida asosan smartfon, planshet, «aqlli» bilaguzuk va smart-soatlari mashhur bo‘lsa-da, bu korporatsiya har xil narsalar ishlab chiqaradi. Uning sanoq bo‘yicha 147-raqamli mahsuloti esa ayollar uchun «aqlli» termometr bo‘ldi, deb yozadi ixbt.com sayti.

Mazkur devays Xiaomi Smart Female Thermometer deb nomlanadi va ayollarga o‘z salomatligini yanada aniqlik bilan kuzatib borish imkonini beradi. Shuningdek, u ayolning sog‘lig‘i holatidan va boshqa omillardan kelib chiqib, homiladorlikni rejalashtirish uchun eng maqbul vaqtlarni ham aniqlab beradi.

Ayollar «aqlli» termometrining harorat haqidagi ma’lumotlarni qayta ishlovchi protsessori Texas Instruments kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan. O‘lchash datchigi shu qadar sezgirki, haroratni 0,05 °S gacha aniqlikda qayd eta oladi. Termometr tilning ostiga ozroq vaqt qo‘yib turiladi, haroratni o‘lchash amalga oshirilgach, ovozli signal chiqaradi.

Xiaomi Smart Female Thermometer devaysi o‘lchash ma’lumotlarini smartfondagi shu nomdagi ilova bilan sinxronlashtirib, qayd etib boradi.

«Aqlli» termometr shu yilning 31 yanvaridan 20 dollar narxida savdoga chiqariladi. O‘zbekistondan unga onlayn do‘konlar orqali buyurtma berish imkoni bo‘ladi.