Ish

Atoqli rahbar bo‘lishni istaysizmi? Unda kundalik tuting

Bugungi kunda jamiyatimizning turli sohalarida ayollarning faol ishtirok etayotganligini ko‘rishimiz mumkin. Tinib-tinchimas ayollar nafaqat uy yumushlari va farzand tarbiyasi, balki boshqaruv sohasida ham ko‘plab muvaffaqiyatlarga erishayotganligining guvohi bo‘lish mumkin. Rahbar uchun o‘z-o‘zini tahlil qilish muhim sanaladi.

O‘z-o‘zini tahlil qilish orqali kishi tajribalarini qayta ko‘rib chiqadi va eski muammolarni hal qilishda yangi yechimlarni topa oladi. Kundalik tutish dunyoga turli tomonlardan qaray bilish, hodisalarga qayta baho berish va raqiblardan avval yangi yechimlarni topishga yordam beradi.

Rahbarlar biror narsani boshqalar ko‘rishidan avvalroq ko‘ra olish, boshqalar anglab yetishidan oldinroq tushunib yetish va boshqalardan avvalroq harakatni boshlash qobiliyatiga ega.

Hayot tarzimiz shunchalik shiddatliki, ichki ovozimizga quloq tutish uchun vaqt yetmaydi. Biroq biz buning uchun kundalik tutishimiz mumkin.

Professor, tadqiqotchi va rassom Nensi Adler oddiy mashg‘ulot - kundalik yuritishni maslahat beradi. 125 dan ortiq maqola hamda o‘nta kitob va to‘plamning muallifi Nensi Adler yetakchilik qilish sohasi bo‘yicha tadqiqotlar olib boradi va kishilarga maslahatlar beradi.

Kundalik yuritishni boshlash uchun nimalar kerak bo‘ladi?

  1. Daftar sotib oling

Kundalikni onlayn tarzda yuritish qo‘lda yozganchalik natija bermaydi. Shuning uchun daftar xarid qiling.

  1. Kundalik uchun kuniga 15 daqiqa ajrating

Agar kundalikka qaydlar uchun 15 daqiqa vaqt ajrata olmasangiz, uch daqiqadan boshlang.

  1. Tinch joy toping

Kundalikka yozayotganingizda sizga hech kim xalaqit bermasin.

  1. Fursat tanlang

Agar buning uchun har kuni bir vaqtni tanlasangiz yanada yaxshi, unga ajratadigan daqiqani boshqa ishlardan qo‘riqlang. Bu o‘zingiz bilan maslahatlashadigan vaqtingizdir.

  1. Miyangizga kelgan har bir fikrni qayd etib qo‘ying

Daftarning bo‘sh sahifalari sizni o‘zingiz bilan vijdonan muloqot qilishga taklif qiladi. Unda siz har qanday fikringizni ifodalay olasiz.

  1. Kundalikni hech kimga ko‘rsatmang

Sizning mushohadalaringiz faqat sizga tegishlidir. Ular sizga hech bir maslahatchi yoki ekspert bera olmagan narsa - o‘ziga xos nuqtai nazaringizni bera oladi!

Maqolani tayyorlashda "Layfxaker" sayti ma’lumotlaridan foydalanildi.