Bilasizmi?

Darpardalar - xonadon ko‘rki

Ba’zida uy ichida yangicha kayfiyat yaratish istagida xonada kichkina bo‘lsa-da, o‘zgartirish qilish istagi paydo bo‘ladi. Bunda jihozlar o‘rnini almashtiramiz, ammo, baribir yana nimadir yetishmayotgandek. Aynan shu paytda sizga deraza pardalarini o‘zgartirish ko‘ngildagidek xona sharoitini yaratishga yordam berishi mumkin. Chunki deraza pardalari - bu xuddi yangi kelinchakning sarposi kabi har gal yangisiga almashtirganingizda yangicha go‘zallik hamda joziba bilan ko‘zingizni qamashtiraveradi.
Xona uchun parda tanlaganda faqatgina mato hamda dizayn bilan bilan cheklanish yaramaydi. Bunda siz xonadoningizning bir qator o‘ziga xos xususiyatlarini ham nazardan chetda qoldirmasligingiz shart. Masalan:
  • xona o‘lchami;
  • shift balandligi;
  • deraza shakli;
  • xonaning vazifasi (yotoqxona, oshxona, mehmonxona).
Interer uslubini hisobga olmay turib, ko‘nglingizga o‘tiradigan darpardalarga ega bo‘lish qiyin. Quyidagi tavsiyalar sizga bunda ko‘mak beradi:
  1. Agarda xona shifti past bo‘lsa, bir xil rangli yoki vertikal chiziqlar tushirilgan parda, shifti baland va derazalari keng bo‘lgan xona uchun esa burmali va, albatta, uzun parda tanlash lozim.
  2. Kichik xonalar uchun yengil darpardalar yoki to‘rlar, organza mato mos keladi. Agarda xonangiz quyosh tomonga qaragan bo‘lsa, shaffof matodan qatlamlar qushib, pardani zichroq holda tutish mumkin. Shunda xona ichi biroz kengroq ko‘rinadi va quyosh nuridan ham himoyalanadi.
  3. Butun devor bo‘ylab tutilgan deraza pardasi xonani kattaroq ko‘rsatadi. Undagi gorizontal chiziqlar xonaga kenglik baxsh etsa, vertikal chiziqlar past shiftlarga ulug‘vorlik, balandlik beradi.
  4. Qizil, sariq rangdagi pardalar xonaga iliqlik bersa, kulrang, moviy va binafsha ranglilari salqin kayfiyat ulashadi. Parda rangini tanlaganda, shuningdek, xona devori rangiga ham e’tibor qaratish lozim. Pardalar devor rangidan biroz ochroq, yoki aksincha, to‘qroq rangda tanlansa, xonaga alohida fayz va chiroy kiritadi.
  5. Xona pradalarini yiliga 2 marta almashtirib turish mumkin. Kuz va qish fasli uchun qalin matodan tikilgan qaynoq rangli darpardalar, bahor va yoz fasliga esa yengil naqshli matodan ishlangan pardalar xonangiz ko‘rkiga ko‘rk bag‘ishlaydi.                                   Manba: Beka.uz