Oila

Er-xotinlik munosabatlarida romantikani saqlab qolish

Turmush o‘rtog‘i bilan necha yillardan buyon yashayotgan bo‘lsa ham, har bir ayol bayram kunlarida undan alohida e’tibor kutadi. Biroq guldasta va shirin so‘zlar o‘rniga odatdagidek kechqurunga qanaqa ovqat bo‘lishini so‘rashadi va o‘z ishlari bilan band bo‘lishda davom etishadi.

Biroq umidsizlikka tushmang — er-xotin munosabatlariga romantikani qaytarish iloji bor. Urinib ko‘ring, balki quyidagi oddiy tavsiyalar sizga yordam berar?

Uyda o‘zingizga zeb bering

Ko‘pchilik erkaklar borliqni asosan ko‘zlari bilan qabul qiladi. Ular siz ham ishlayotganingizni, bola tarbiyalayotganingizni va charchayotganingizni, shu sababli uyda dam olishni istashingizni doim ham anglayvermaydi. Buni aql bilan tushunish mumkin bo‘lsa-da, instinkt umuman boshqa narsani talab qiladi. Shu tufayli kichigidan boshlang: uyda kiyish uchun bir necha xil kiyim-kechak sotib oling, ular ham qulay bo‘lsin, ham o‘zingizga yarashgan bo‘lsin. Ularni taqinchoq va iforlar bilan to‘ldiring.

Pardozdan uyda ham voz kechmang

Ko‘pchilik ayollar pardoz-andozni faqat uydan chiqishdan avval surishadi. To‘g‘ri, teri dam olishi kerak, biroq nega aynan turmush o‘rtog‘ingiz sizni to‘zigan va o‘ziga qaralmagan holda ko‘rishi kerak? Axir uning fikri hamkasblaringiz yoki tasodifiy yo‘lovchilar fikridan ko‘ra ancha muhim. Shunday ekan, uyda vaqtingizda ham o‘zingizga biroz oro bering.

Uy ishlari bilan o‘ralashib qolmang

Bor kuchingizni uy ishlariga sarflab, farzandlar va turmush o‘rtog‘ingizni e’tiborsiz qoldirmang. Iloji bo‘lsa, xo‘jalik ishlarini oila a’zolaringizga taqsimlab bering — shunda zerikarli va qiyin yumushlar ham qiziqarli va ahillikdagi o‘yinga aylanishi mumkin.

Yo‘l-yo‘lakay o‘zingiz bilan mashg‘ul bo‘ling

Uy yumushlari bilan band bo‘lgan vaqtda yo‘l-yo‘lakay o‘zingizni parvarishlash ishlarini ham amalga oshirish mumkin. Masalan, uyni changyutgich bilan tozalayotgan paytda yuzingizga niqob surib qo‘ying, dazmol qilishdan oldin qo‘lingizga kompress qiling (iliq olivka yog‘ini surib, avval poliyetilen, so‘ng paxtalik qo‘lqop kiying), taom tayyorlash vaqtida jismoniy mashqlar bajaring.

Sevikli bo‘lib qolishga intiling

Yotoqxona siz va turmush o‘rtog‘ingiz uchun uyingizdagi hayajonlantiruvchi xona, shaxsiy makon bo‘lib qolsin. Farzandlaringiz va mehmonlarga u yerga kirishga ruxsat bermang. Xonada doimo xushbo‘y shamlar, sokin musiqa bo‘lsin.

Bundan tashqari, muntazam ravishda ginekolog qabulida bo‘ling. Har qanday kasallikni o‘z vaqtida davolating, toki bunday muammolar eringiz bilan munosabatlaringizga rahna solmasin.