Bilasizmi?

Huawei ayollar uchun smartfon ishlab chiqarmoqchi

IFA-2016 ko‘rgazmasi doirasida Huawei yangi model qatoridagi qurilmalarni namoyish qilishi kutilmoqda. Avvalroq kompaniyaning yangi flagmani Huawei Mate 9 ham mazkur ko‘rgazmada namoyish etilishi aytilgan edi. Ammo so‘nggi xabarlarga qaraganda, ushbu flagman 2016 yilning noyabr oyida e’lon qilinishi mumkin.

Blogger Evan Blass ma’lumotlariga ko‘ra, xitoylik gigant ko‘rgazmada 3 ta yangi gajdet bilan ishtirok etadi.  Ulardan ikkitasi Nova seriyasidagi smartfonlar bo‘lsa, keyingisi MediaPad M3 nomli planshet bo‘lishi to‘g‘risida xabar berilgan. Afsuski, hozircha Huawei Nova, Nova Plus va MediaPad M3 to‘g‘risida boshqa ma’lumot mavjud emas.

Huawei Nova va Nova Plus ayollarga mo‘ljallangan smartfonlar bo‘lishi taxmin qilinmoqda. MediaPad M3 plansheti esa Android operatsion tizimida ishlaydigan premium planshet sifatida tanishtirilishi mumkin.

Huawei kompaniyasining ko‘rgazma doirasida o‘tkazadigan matbuot anjumani 1 sentyabr kuni bo‘lib o‘tadi. Ushbu tadbirda gadjetlarning texnik parametrlari ommaga ma’lum qilinishi kutilmoqda.

Mavlon Marasulov