Oila

Oilaliman, ammo yolg‘izman ....

Ba’zida baxtni uzoqlardan qidiramiz, u esa sharpa va sassiz yonimizda turgan bo‘ladi.

O‘zi nima uchun psixologga kelganimni ham bilmayman, - dedi qabulga kelgan ko‘hlikkina ayol.  Umuman olganda oilam tinch, hamma narsa yetarli, farzandlarimiz ham aqlli, odobli xudoga shukur. Turmush o‘rtog‘im ham nima desam muhayyo qiladilar. Ammo...ammo negadir o‘zimni baxtli his qila olmayman. Erim bilan deyarli gaplashmaymiz. Kun davomida  yo bolalar, yo bo‘lmasa ro‘zg‘orga kerakli biror narsa to‘g‘risida 3-4 og‘izgina gaplashamiz xolos. U kishining o‘z dunyosi bor, mening o‘z dunyoyim bor. Tashqaridan qaralsa risoladagidek oila, jismonan yaqin, ammo ruhan juda uzoqmiz. Balki bu noshukurlikdir, ammo juda yolg‘izman.

Risoladagidek oila. Nega risoladagidek, baxtli emas? Baxtli oila deyishga ularda nima yetishmaydi? Bunday oilalar anchayin o‘ziga to‘q, tinch. Go‘yoki bu oila hayotning barcha muammolaridan yiroq. Ammo oilaga sinchiklab nazar tashlasak-chi? Risoladagidek oiladagi er-xotinlar bir-biridan hech narsa talab ham qilmay qolganiga  ancha bo‘lgan. Bunga hatto ko‘nikib ham ketishgan. Er erta ketib, kech keladi. Oilasi uchun barcha sharoitlarni yaratib qo‘ygan. Xotin ham oilada o‘ziga tegishli bo‘lgan vazifalarni o‘z vaqtida bajarib qo‘yadi. Demak er ham, xotin ham o‘z vazifalarini a’lo darajada bajaradilar. Ammo, ammo bir-biriga ishi yo‘q. Har kim o‘z xayoli, o‘z dunyosi bilan.

Agar oilada hamma narsa yetarli bo‘lsa-yu, ammo bir-biriga yetarli e’tibor bo‘lmasa, er-xotin orasida  ruhan yaqinlik bo‘lmasa, u yerda albatta bo‘shliq paydo bo‘ladi. Biroq tabiat hech qanday bo‘shliqqa (vakuumga) e’tiborsiz qarab turolmaydi. Albatta bu bo‘shliqni to‘ldirishga harakat qiladi. Chunki inson ruhan yolg‘iz yashay olmaydi. Kimdir bu bo‘shliqni virtual do‘stlar bilan to‘ldirishga harakat qilsa, kimdir xiyonat bilan to‘ldirmoqchi bo‘ladi va buni negadir “sevgi” deb ataydi. Chunki paydo bo‘lgan bo‘shliq oraga uchinchi bir odamning kirib qolishiga imkon yaratadi.

Bu bo‘shliqni virtual hayot bilan to‘ldirmoqchi bo‘lganlar bu aloqalarga shu darajada berilib ketadilar-ki, hatto ularning virtual do‘stlari o‘z juftlaridan ham yaqinroq bo‘lib qoladi. Bunday bo‘shliqni real hayot bilan to‘ldirmoqchi bo‘lganlar, ya’ni xiyonat yo‘liga kirganlar  o‘zlarini sevib qolganman deb ishontirishga  va yupatishga harakat qiladilar.

Aslidachi, aslida ular yolg‘izlikdan qochganlar xolos. Er-xotin bu vaziyatda hech qachon o‘zining aybini ko‘rmaydi, doim ikkinchi tomonni ayblayveradi. Ular oilalarining, baxtlarining butun bo‘lishi uchun nimadir yetishmayotganini bilishadi, ammo bu muammoga tik qarashga qo‘rqishadi. Chunki bu muammoning ochilishi , haqiqatning yuzaga chiqishi achchiq, og‘ir bo‘lishi, ba’zida oilaning buzilishiga sabab ham bo‘lishi mumkin. Eng yomoni ular buni jamiyatdan juda qattiq yashirishadi.

Ammo ikki insonning orasida qolib ketgan bu muammo bora-bora maddalay boshlaydi va qochondir albatta otilib chiqadi. Chunki yuqorida aytganimizdek inson yolg‘iz yashay olmaydi. Yolg‘izlik faqat Yaratganning o‘ziga xos.

Nima bu muammoning yechimi yo‘qmi? Bu dunyoda o‘limdan boshqa hamma muammolarga yechim topsa bo‘ladi. Faqat bu yo‘lda ikki inson birday harakat qilishi kerak. Bir-birini birdek tushunishga, his qilishga urunishi lozim. Er-xotin bu muammodan qochmasdan, uning kelib chiqish sababini  chuqur  o‘ylab ko‘rishlari   va uning yechimini topishga harakat qilishlari zarur. Psixologlarning fikricha oilalarning buzilib ketishiga eng katta sabab, bu er-xotinning juda kam muloqotda bo‘lishi ekan. Chunki yurakdan qilingan suhbat, kun davomida bo‘lib o‘tgan voqealarni so‘zlab berish, bir-birining hayotiga qiziqish  ikki inson o‘rtasidagi biomaydonni kuchaytiradi. Bora-bora bu ikki inson bir- birini so‘zsiz tushunadigan bo‘lib qoladi.  Mana shunday oilani baxtli oila desa bo‘ladi.

To‘g‘ri paydo bo‘lgan bo‘shliqni inson biror bir qiziqishi bilan, ish bilan yo bo‘lmasa o‘zini farzandlari tarbiyasiga bag‘ishlab ham to‘ldirishi mumkin. Ammo bu vaqtincha. Undan keyin bunday xo‘jako‘rsinga qurilgan oilada tarbiyalanayotgan farzandlar ham xuddi shu yo‘ldan keta boshlaydi va o‘zini baxtsizlikka mahkum etadi. Demak baxtli oila qurishga majbursiz. Ko‘proq bir-biringiz bilan suhbatlashing. Televizor, kompyuter  yoki telefonga yopishib olmasdan yonginangizda turgan, bir umrga birga bo‘lishga va’da bergan inson bilan iliqqina, dildan suhbat quring. Mayli sal-pal janjallashib, arazlashib tursangiz ham. Faqat befarq bo‘lmang. Bir-biriga befarqlik oilani saraton  kasaliga o‘xshab ichidan yemiradi. Agar sal e’tiborsizlik qilsangiz uning qayerdan kelib qolganini ham sezmay qolasiz va oilangiz barbod bo‘ladi.

Dilbar Hamdamova, psixolog