Kutubxona

Qizbolaning sha’ni

Maktabni tugatib, katta hayotga qadam qo‘yayotgan qizlarning orzulari osmon, kelajak hayotdan umidlari bir dunyo bo‘lishi hammamizga ayon, chunki har birimiz bu davrdan o‘tkanmiz. Lekin, o‘sha davrda orzularga erishish oson emasligini, buning uchun juda ko‘p to‘siqlardan o‘tishimiz kerakligini hayolimizga ham keltirmaganmiz...

Shunday orzularga ega bir yosh qiz, yaxshi kasbga ega bo‘lish niyatida imtihonlarga puxta tayyorlanib, obro‘li kollejlardan biriga o‘qishga kiribdi. Kelajagi sari qo‘ygan birinchi qadami muvaffaqiyatli bo‘lganidan rag‘batlangan qiz bor kuchi va shijoati bilan o‘qiy boshlabdi. Bu orada u yangi dugonalar, do‘stlar orttiribdi. Ularning o‘qishga ishtiyoqi kuchli bo‘lmaganligi, fikri-hayollari o‘yin-kulgi bilan bandligi asta-sekin qizga ham ta’sir qila boshlabdi. O‘qishni a’lo baholar bilan boshlagan qizning davomadi o‘quv davri yakuniga kelib ancha sustlashibdi. Ikkinchi bosqichda esa yonida yigitlar o‘ralasha boshlabdi. Qiz onasining so‘zlarini esidan chiqarmagan holda ularga e’tibor bermaslikka harakat qilib o‘qishini davom ettiribdi. Lekin, vaqt o‘tib, oldida qizlar ko‘nglini ovlashga juda usta bo‘lgan bir ko‘rkam yigit paydo bo‘lganida, hammasi o‘zgaribdi. Qizga yigitni chiroyli so‘zlari yoqa boshlabdi. Va uning kichik sovg‘alarini xursand bo‘lib qabul qila boshlabdi. Tez orada qiz qalbida iliq tuyg‘ular paydo bo‘lib, fikru-hayoli o‘sha yigit bilan bo‘lib qolibdi. Albatta, o‘qish ikkinchi darajaga tushib, baholari yanayam pasayibdi. Pinhona uchrashuvlar, xiyobonlardagi romantik sayrlar, shirin bo‘salar, entikishli lahzalar avj olib, munosabatlari kuchayaveribdi. Qiz uchun bu otashin muhabbatga aylangan bo‘lsa-da, yigit uchun bu oddiy maqsad sari intilish, navbatdagi oshib o‘tiluchvi dovon edi. Sodda qiz buni bilmas, samimiy, toza va pok his-tuyg‘ular og‘ushida sarmast bo‘lib yuraverar edi...

Lekin, yigit harchand urinmasin, maqsadiga erisha olmabdi. Har safar nimadir to‘sqinlik qilar, yoki qiz keyingi safar, deb ketib qolar edi. Yigitning bundan jaxli chiqar, gohida qizdan alamini olar edi. Bunday vaqtlarda qizning qalbi parchalanar, iztiroblar iskanjasida qiynalar edi. Sabri tugagan yigit bir kuni qizga "Yo birga bo‘lamiz, yoki umuman xayrlashamiz!", deb shart qo‘yibdi. Qiz suyukli yoridan bunday munosabatni kutmagan bo‘lgani uchun dovdirab, nima qilarini bilmay qiynalibdi. Qizning tushkun ahvolda yurganini ko‘rgan bir dugonasi uni so‘roqqa tutibdi. Dardini kimga aytishni bilmay yurgan qiz dugonasiga borini to‘kib solib, undan maslahat so‘rabdi. Baxtiga dugonasi yigitning ayollarga suyagi yo‘qligidan xabardor edi. Yigit qizga baribir uylanmasligi bilar edi. Shuning uchun unga hayotini barbod qilmaslikni va yigitdan voz kechishini uqdiribdi. Qiz esa yigitga xech qanday javob bermay, o‘ylab ko‘rishga qaror qilibdi.

Bir kuni, har doimgidek parishonxotir, g‘amgin ahvolda o‘qishga kelgan qizning ko‘zi bir manzaraga tushibdi. Uning suyukli yori boshqa qiz atrofida o‘ralashar, bir vaqtlar unga qilgan xushomadlarni boshqaga taqdim qilar edi. Ichidan quyulib kelgan alam, o‘t va otash uni borib ularning boplab ta’zirini berishga undayotgan bir pallada dugonasi kelib qolib, qizni kollej ichiga olib kirib ketibdi. Keyinchalik ham dugonasi qizning joniga oro kirib, dardlar va iztiroblaridan xalos bo‘lishiga yordam beribdi. Shu tariqa ularning otashin munosabatlari poyoniga yotibdi. Qiz esa tuyg‘ularini qalbining tub-tubiga ko‘mib, yana o‘qishga kirishib ketibdi...

Vaqt o‘tib, qizning uyiga turli xonadonlardan sovchilar kela boshlabdi. Va o‘qishni o‘rta baholarga bitirgan qiz, ota-onasining qistovlari bilan yaxshi xonadondan bo‘lgan bir yigitga rozilik beribdi. Tez orada dabdabali to‘yi ham bo‘lib, o‘ziga to‘q, nufuzli oilaga kelin bo‘libdi. Chimildiqda yuzi yorug‘ bo‘lgan qiz bir vaqtlar axmoqlik qilib quymaganiga xursand bo‘lib, yaratganga shukronalar keltiribdi...

Oradan ko‘p o‘tmay, yangi xonadonga to‘yda qandaydir sabablar bilan qatnasha olmagan bir qarindoshi o‘g‘li bilan mehmonga kelibdi. Qiz oshxona yumushlari bilan band bo‘lgani uchun ularni ko‘rmay qolibdi. Qaynonasi kelgan mehmonlarni kutib olib, ichkariga taklif qilibdi. Va, kelinlik vazifalarini ko‘tarinki kayfiyatda bajarib yurgan qizga mehmonlarga kirib kelin salom qilishni, va so‘ng choy olib kirishni buyuribdi. Kelin, "Xo‘p bo‘ladi, oyijon!", deb chaqqonlik bilan mehmonlar o‘tirgan xonaga kiribdi-yu, to‘rda yastanib o‘tirgan ayolning yonidagi sobiq "suyukli yori"ga ko‘zi tushib, ostonada dong qotib qolibdi. Peshonasidan muzdek ter chiqib ketgan qiz arang o‘ziga kelib, tezda yuzini yopib salom qilibdi. Va xonadan o‘qdek otilib chiqib ketibdi. Mexmonxona derazasi yonidan o‘tib ulgurmay, xonadan yigitning "Xola, kimni kelin qildiz? Bu mendan qolib ketgan qiz-ku!", degan xitobini eshitgan qiz, shirin hayoti poyoniga yetganini tushunib, alamdan yig‘lab yuboribdi...

O‘sha kuni qiz qon yig‘lab ota uyiga qaytibdi. Oradan ikki hafta o‘tmay kuyov taraf qizning bor sepini yuk mashinasida olib kelib tashlab ketishibdi...

Bechora qiz o‘zini oqlash imkoniyatidan ham mahrum bo‘libdi, uni xech kim eshitmabdi. Yigitning o‘sha kuni surbetlarcha aytgan gaplariga, qizni tubanlik botqog‘iga qorishtirib tashlagan bo‘htonlarining bariga qaynona ham, kechroq ishdan qaytgan kuyov ham ishonibdi. Chunki ular bu qarindoshining xotinboz ekanligini yaxshi bilishar edi...

Manba: Beka.Uz