Kutubxona

Qizil olma

Marshrutkaga zo‘rg‘a chiqib olgan Surayyo:  “Xudoga shukur-yey” deya beixtiyor qornini ushladi. Qattiq asabiylashgani uchunmi, yuzi qizarib ketgan, hali tug‘ilmagan jigarbandi esa bezovta tipirchilayotgandi. “Odamlarga ham hayronsa, bu ikkiqat, bu qari deyishmaydi. Naq ustingdan tepkilab uo‘tib, o‘zlarini eshikka urishadi. Sal bo‘lmasa oyoq ostida qolib ketasan. Erkaklarni ayting. Namuncha orsiz bo‘lib ketishganikin-a, bular?” Surayyo marshrutka eshigiga behol suyandi. Biroq tashqarida kinolentaday lip-lip o‘tayotgan manzaralar bahri dilini ochib yubordi. Bahorning iliq, farahbaxsh kunlari taningga rohat bag‘ishlaydi. O‘riklarning oppoq gulbarglari shamolda uchib yerga tushadi, zamin ustiga huddi son-sanoqsiz kapalaklar qo‘nib olgandek. Surayyo bahorning ayni shu chog‘ini juda yaxshi ko‘radi. Dimog‘iga urilgan muattar hiddan huzurlangan muattar hiddan huzurlangan Surayyo ko‘zlarini yumib oldi. Homiladorlik unga juda yarashgan, yuzlari taranglashib, boshqacha chiroyli bo‘lib ketgandi. Bahor manzarasi mahliyo bo‘lib ketayotgan Surayyoning ko‘zi yonidagi yigitning qo‘lidagi qip-qizil, yoqutdek tovlanayotgan olmaga tushdi. Ko‘ngli shu narsani tusagandek bo‘ldi. Shuncha ham olmadan ko‘zini ololmadi. Hozir qancha pulga desa ham shu mevani sotib olishga tayyor edi. Yigitcha esa beparvo olmani qo‘lida aylantirar, borgan sari Surayyoning ko‘zini o‘ynatardi. Ayol yigitchadan olmani sshrab olmoqchi ham bo‘ldi, biroq uyaldi. Negadir yig‘lagisi keldi. Hozirgi ahvolini sahroda necha kundan beri suvsiz qolib, yonida paydo bo‘lgan quduqdan suv icholmayotgan odamni eslatardi.  Surayyo: -Hozir tushamanu, bir kilo qizil olma sotib olaman, - dedi o‘ziga o‘zi. Biroq yigitning qo‘lidagi olma unga hozir jonidan ham shirin tuyulayotgandi. -Ha, singlim olma yegingiz keldimi?- Surayyo cho‘chib savol bergan ayolga qaradi. Uyatdan yuzlari anordek qizardi. -Yo‘q- dedi sekin. Uyalib ketdi. Qaniyer yorilsa-yu, kirib ketsa. Olma esa hamon yigitning qo‘lida aylanardi. “Balki onasiga, balki sevgan qiziga olib borayotgandir. Nima bo‘ldi-ya menga? Hech bunaqa odatim yo‘q edi. Suqatoy bo‘lmay ketay. Shu olma o‘lgurni qayerdan ko‘rdim. Nima bo‘lsa bo‘ldi, so‘rayman, -dedi u. Yana tilini tishladi. “Yo‘q ” desa-chi? Olma olib beradiganingiz yo‘qmi, nega shu olmaga yopishib oldingiz deb jerkimasmikan? Nega shu olmaga yopishib oldingiz desachi? Surayyo alamidan yig‘lab yubordi. Ko‘z yoshlarini hech kim ko‘rmasligi uchun boshini egib oldi... Vujudidagi jon yana bezovta tipirchiladi. Surayyo og‘ini sudrab bosgancha uyi yonidagi bozorchaga kirdi. Katta-katta eng sara alvonrang olmadan bir kilo oldi. Biroq uyga kirgach, ularga qaragisi ham kelmayotganini sezdi. Ko‘z oldidan yigitning  qo‘lida aylanayotgan olma ketmasdi. Shu payt o‘zining ham boshi gir-gir aylanayotganini his qildi. Bir alpozda o‘tirgan Surayyo qo‘ng‘iroq ovozidan cho‘chib tushdi. -       Kim u? – dedi eshikning yoniga borib. “Oching kelinoyi” degan tovushni eshitgach, darrov ilgakni tushirdi. Qo‘lidagi qizil olmani unga uzatib turgan yigitchani ko‘rdi-yu, ham uyatdan, ham quvonchdan qizarib ketdi. Burni ustida bilinar-bilinmas ter tomchilari paydo bo‘ldi. -       Bu sizga judayam yegingiz keldi. Hozir bu olma hech kimni sizchalik xursand qilmaydi. Osh bo‘lsin! – dedi-yu, olmani Surayyoga tutqazib ketdi. Surayyo nima qilishini bilmas, shu ahvolini o‘zini koyir, ammo qizil, yoqut olmani mahkam bag‘riga bosib olgandi...

Saida Ibodinova