Oila

“Serialni enangnikida ko‘rasan!”

– Tinchlikmi, Asadbek? Mashinang jinday avariya bo‘pti, deb eshitdik?

– Shunaqa bo‘ldi… Shu serial degan narsani qaysi ahmoq o‘ylab topgan, a?

– O‘zingga ziyon-zahmat yetmadimi, ishqilib? Cho‘loqlanib yuribsan?

– Oyog‘imni qo‘yaver. Echkim o‘lib qoldi.

– Iye, nega o‘ladi?

– Xotinim arazlab onasikiga ketdi!

– Nega arazlaydi?

– Televizor sindi. O‘ziyam sandiqdek kelardi!

– Nega o‘zidan-o‘zi sinadi?

– Juda ezma-churuk ekansan-da! Aytyapman-ku, serialni qaysi ahmoq o‘ylab topgan? Xotinim – “serial jinnisi”! Har kuni kechqurun televizor ro‘parasiga o‘tirib olib, “serial” ko‘radi. Ikki yildan beri ahvol shu! O‘tgan hafta kechga tomon bozorga tushgandik. Har qadamda, “Hoy, serialim boshlandi, tezroq bo‘ling!” deb biqinimga turtadi. Mashinaga o‘tirishi bilan: “Tezroq yuring, o‘n besh minut qoldi”, deb yana qistalang qildi. “Mingga qo‘yib” haydab ketayotsam, palakat bosib, allaqanday velosiped mingan bola lip etib oldimdan chiqib qolsa bo‘ladimi! Mashinani chetga burgan edim, yo‘l yoqasidagi daraxtga urilib, o‘ng qanot bilan chiroq dabdala bo‘ldi. Aksiga olib birpasda DAN nazoratchisi yetib keldi. Nazoratchi “protokol” to‘ldirib, nuqul meni so‘roq qiladi. Xotin esa: “Ana, serialimning yarmi o‘tdi, ana, halizamon tugab qoladi”, deb xarxasha qiladi.

Uyga allamahalda yetib keldik. Men mashinani ta’mirlashga shuncha pulni qayerdan olaman, deb jonim xalak, xotin esa: “Sizning mashinangizni deb serial ko‘rolmadim, Soniya xonim eridan ajrashdimi-yo‘qmi, endi qanday bilaman?” deb noliydi.

O‘zing bilasan, o‘rtoq. Shahar joyda mol boqish qiyin. Bittagina echkimiz bor edi. Yaxshimi-yomonmi, bir kunimizga yarab turuvdi. Xotinga: “Echkidan xabar olmaysanmi?” desam, “Bitta qo‘tir echki deb nuqul meni ovora qilasiz, Soniya xonimning eridan battar zolimsiz”, deya javray-javray hovli etagiga ketdi. Bir mahal “Voy, echki bo‘lmay ado bo‘lsin, arqoniga o‘ralashib harom o‘lib qopti”, deb kirib kelyapti. Yugurib ketayotsam, meni yupatdi: “Qo‘yavering, bosh-ko‘zingizdan sadaqa, serialdagi Usmonbeyning yulduzga sapchiydigan saman oti o‘lganda, bitta echki nima bo‘pti?” deydi!

“Mana senga Usmonbey! Mana senga Soniya xonim!” deb, televizorni ikki qo‘llab ko‘targancha uloqtirib yuborganimni bilaman!.. Padar qusur zildek og‘ir ekan, naq oyog‘imga tushsa degin!

Xotin “Nima qildi, nima qo‘ydi?” demaydi, “Endi serialning davomini qanday ko‘raman?” deydi. “Serialni enangnikida ko‘rasan!” deb baqirgan edim, arazlab onasinikiga ketvordi!

– Obbo! Chatoq bo‘pti-ku, Asadbek! Mayli, siqilma. Xotining qaytib keladi. Kelmay qayoqqa borardi? Serial tamom bo‘lganidan keyin eri, uy-joyi borligi esiga tushib qaytib keladi. Uch yildami, to‘rt yildami, mayli-da!

O‘tkir Hoshimovning “Yarim asr daftari”dan.

Manba: Tafsilot.uz