Kutubxona

Tish og‘rig‘i

Kechasi bilan tishining lo‘qillab og‘rishidan uxlamay chiqqan Salima bolasini ko‘tardi-yu, yo‘lga tushdi. Ertaroq bormasa uzoq navbat kutib qolishi mumkin. Buning ustiga emizikli bolasi chirqillab qolishi bor. Navbatda odam unchalik ko‘p emas ekan. “Erta tursang, ishing unadi,” deya quvondi Salima. -Tishingizni rentgen qildirib keling, yo‘qsa olib tashlolmayman, - deb turib oldi. Salima xarchand yalinmasin, u tishni olib tashlashga unamadi. Tishi emas, yuragi og‘riyotgandek yuzlari burishgan juvon rentgen qiladigan boshqa joyga qarab jo‘nadi. Yo‘lda og‘riqni unutish uchun bolaligini esga oldi. 8-sinfda o‘qiyotganida ham tishi og‘rib qolgandi. Onasi uni qishloq shifokoriga olib borib tishini sug‘urtirib kelgandi. O‘shanda onasi va buvisi boshida parvona bo‘lishgan, yumshoq ovqatlar qilib berishgandi. Salimaning xo‘rligi keldi. Katta shaharda oqibatsizlikni ko‘raverib shundoq ham noziklashib qolgan ko‘ngli, og‘riq sabab yanayam   noziklashgandi. U o‘zini mushuk oldida turgan musichadek nochor his qildi. Aksiga olib rentgen qildirolmadi. Chiroq o‘chiq ekan. Qo‘lida bola bilan dovdirab turgan Salimaning yoniga oq xalatli ayol yaqinlashdi. Vrach bo‘lsa kerak. -       Nima qildirmoqchi edingiz? Qaysi tishingiz og‘riyapti? Salima og‘riyotgan tishini ko‘rsatdi. -       Yuring, - dedi do‘xtir. Apparatimning quvvati tugab qolmasa ko‘rib qo‘yaman. Bolasi so‘xtasi sovuq hamshiraning qo‘lida big‘illayotganidan Salimaning tish og‘rig‘i unut bo‘ldi.  Tezroq olsa-chi endi? Bitta tishni sug‘urib tashlash qiyinmi? -       Tishingiz butun. Faqat sal yiringlagan, - dedi do‘xtir beparvo. Oling bolangizni ovuting. Ertaga soat uchda kelasiz. Salima nima deyishini bilmay qoldi. Hech narsa qilgani yo‘g‘-u. Ko‘zini lo‘q qilib pul so‘rashinichi. Shunday qilib ertasi kuniyam Salimaning tish og‘rig‘i bosilmadi. Tuni bilan uvillab yig‘lab chiqayotgan xotinidan Mansur ham bezdi.  Ertasi kuni Salimani boshqa do‘xtirga olib bordi. Ovqat ham yeyolmayotgan ayol holdan toydi,  buyog‘i bolasi kechasi bilan emib chiqadi. Bu do‘xtir ham tishni ko‘rdi-yu, pulni ko‘rgandek xursand bo‘lib ketdi. -Davolasa bo‘ladi, - dedi u kalta, sariq sochlarini qo‘li bilan tarab. Keyin mitti charxchani g‘irillatib tishning u yoq bu yog‘ini qirgan bo‘ldi  va allaqandayoy dori qo‘yib ertaga kelishni tayinladi. Salima yana bir tunni amallab o‘tkazdi. Nazarida endi qulog‘i, boshi, hamma tishlari og‘riyotgandek edi. Ko‘ziga ikki bolasi, eri ham ko‘rinmay qoldi. Zo‘rg‘a tongni orttirdi-yu, bolasini ko‘tarib do‘xtirga chopdi. Tish do‘xtir bamaylixotir tishni yana tozaladi va unga allaqanday modda surib kovakni bekitdi. Ammo og‘riq endi battar kuchayib Salimaning ko‘z oldi qorong‘ilashdi... Ertasi kuni Salima qo‘shnisining maslahati bilan boshqa shifokorga uchrashdi. U tishni ko‘zdan kechirdi-yu, tishligi qolmabdi deb shartta sug‘urib tashlamoqchi bo‘lgandi, tish uchga bo‘linib ketdi. Do‘xtir uni zo‘rha terib oldi. Salima esa yaxshiyam tishlar o‘ttiz ikkita , ellik ikkita bo‘lganda erimning uch oylik maoshiyam yetmasdi deya o‘yladi va og‘irq qolganidan huzurlanib yengil tin oldi.

Saida Ibodinova