Kutubxona

Unutilgan uya

Muslim xolaning yana bodi qo‘zg‘ab qoldi. Shunday bo‘lsa-da, tomga o‘rab-chirmab,  osib qo‘yilgan beshikni arang olib  tushdi. Axir Abdullajoni o‘g‘il ko‘rdi. Hademay Toshkentga qaytishsa, kelini chaqaloqni baribir beshikka belamaydi. Abdullajon xotinini tug‘ruqxonadan olib kelishga ketgach, kampir beshikni chiroyli qilib sozlab qo‘ydi. Inqillagancha og‘riyotgan oyog‘ini uqalay boshladi. Ha, o‘g‘lim javob berishmadimi? – dedi u yolg‘iz qaytgan Abdullajonga. Yo‘q, oyi keliningiz bir-ikki kun onasinikida turar ekan. Bu yerda bemalol bo‘lolmayman deyapti. Kelavermabdi-da. – deya shivirladi sekingina. U ko‘ngli og‘riganda shunday qilardi. Darrov og‘irligim tushibdi-da, deb o‘yladi. Yigirma kundan keyin chaqaloqning kichik chillasi chiqqach,  o‘g‘lini qo‘yarda-qo‘ymay kelinini chaqirib oldi. Oyijon, bizni tezda sog‘inib qolibsizda. Bir oz o‘zimga kelib olay degandim. Qani-qani nevaramni bir ko‘ray-chi. Ismini nima qo‘yamiz bolaginamning? Oyijon, ismini Murodjon qo‘ydik. Dadam shuni xohladi. Muslim xola yalt etib keliniga qaradi. Yana ko‘ngli og‘ridi. Nima bo‘pti, deb o‘yladi ichida. Bobosi qo‘yganda. Men ham qarib, yosh bolaga o‘xshab qoldim. Arzimagan narsalarga ham xafa bo‘laveraman. Kundan-kun maydalashib ketyapman. Men beshikni tayyorlab qo‘ydim. Ertaga bolani beshikka solamiz. Chiqib  bir-ikkita qo‘shnilarni aytib chiqay. Siz damingizni oling. Oyi, hali beshik olganimiz yo‘q-ku. Aytdim-ku, beshikni tayyorlab qo‘ydim deb. Yangi beshiklar usti yaltiroq, ichi qaltiroq. Bitta bolani katta  qilishga ham yaramaydi. Bu beshik juda qadrli. Rahmatli otam Anvarjon tug‘ilganida olib kelgandi. Shundan keyin yana beshta bolani katta qildi bu beshik. Xudoga shukur, barchasi aqlli, esli-hushli bo‘lib o‘sishdi. Kelin indamadi. Katta qiziga olgan beshik sinib, yaramay qolgani rost. Ammo bolasini eski beshikka belaydimi endi? Hecham-da. Kechqurun shaharda yashaydigan katta o‘g‘li Anvarjon, mahallaning o‘ziga kelin bo‘lib tushgan qizlari kelishdi. Katta kelini yugurib-yelib xizmat qildi. Abdulla aka, oyingiz Murodjonni beshikka solamiz, deyapti. Ammo bilib qo‘ying, o‘sha eski beshikka bolamni yotqizmayman. Nima bo‘pti. O‘sha beshikda men ham yotganman. Hech kimdan kam joyim yo‘q. Nega gapni ko‘paytiryapsan? Gapni ko‘paytirayotganim yo‘q. Lekin o‘sha beshikka bolamni yotqizmayman. Gap tamom, vassalom. Xudo biladi, unda sizdan boshqa yana kimlar yotganikin? Eshik tagidan o‘tib ketayotgan Muslim xola baland ovozni eshitib, hayron bo‘ldi. Gap eski beshik haqida borayotganini bilgach esa indamay ortiga burilib keta boshladi. Eshikni tarsillatib, yopib chiqqan Abdullajon oqsoqlanib borayotgan onasini ko‘rib shoshib qoldi. –Oyi, menda ishingiz bormidi?– dedi mehribonlik bilan. Ha, bolam. Qarasam beshik yangi ko‘ringani bilan ichi yaramay qolibdi. Shunga ertaga bozordan Murodjonga yangi beshik sotib olib kel deb aytgani kelgandim. Oyi, axir ikki haftadan keyin ta’tilim tugaydi. Toshkentga qaytib ketishim kerak. Shu beshikda yotib tursayam bo‘ladi. Ortiqcha harajatning nima keragi bor? Mana pul,–dedi xola ro‘molining uchiga tugilgan pulni olarkan. Albatta ertaga yangi beshik olib kel. Muslim xola bodingizni davolatasiz deb o‘g‘li Anvarjon berib ketgan pulni beshik uchun berib yubordi. O‘zi uyga kirib, yasatilgan beshik yoniga keldi. Beshikning ko‘rpachalarini birma-bir silab, hidlab sandiqqa soldi. Ko‘z yoshlarini ro‘molining uchiga artar ekan, beshik ko‘ziga polaponlari tark etib, qarovsiz qolgan eski uyaga o‘xshab ko‘rindi. Ertalab esa Abdullajonlarning peshayvonida yasatilgan yangi beshik turardi. Hovlidagi so‘ri tok ustida, sap-sariq sarg‘aygan barglar orasida, polaponlari uchib ketgan uya ichida esa ona musicha mung‘ayib o‘tirardi.

Saida Ibodinova