Oshxona

Uy sharoitida brauni — shokoladli pirojniy tayyorlaymiz

Brauni pishirig‘i nomi inglizcha brovn — jigarrang so‘zidan olingan bo‘lib, shunday rangdagi shokoladli pirojniyga nisbatan qo‘llaniladi. Ushbu taom Amerika oshxonasiga xosdir. Retseptdan kelib chiqib, brauni tort, keks yoki pechene ko‘rinishida bo‘lishi mumkin. Bugun uni keks ko‘rinishida pishirib ko‘ramiz.

Zarur masalliqlar:

  • 100 g achchiq shokolad (59—70% kakao)
  • 100 g margarin
  • 200 g shakar
  • 2 ta tuxum
  • 100 g un
  • 1 choy qoshiq razrixlitel
  • 1 piyola maydalangan yong‘oq

Tayyorlanishi:

100 g achchiq shokoladni bo‘laklab suv banyasida yoki mikroto‘lqinli pechda eritamiz.

1

Unga 100 g margarinni bo‘laklab solib, eritishda davom etamiz.

2

So‘ng 200 g shakarni qo‘shib, silliq massa hosil bo‘lgunicha yana aralashtirib, eritamiz.

3

Aralashmani sovigach, unga 2 ta tuxumni solib, yaxshilab aralashtiramiz.

4

Ustiga 100 g un va razrixlitelni elab solamiz va suyuq xamir qoramiz.

5

Xamirga bir piyola maydalangan yong‘oq mag‘zini qo‘shamiz va aralashtiramiz.

6

Yog‘lab, pergament qog‘ozi to‘shalgan formaga xamirni quyib, 170 darajagacha qizdirilgan duxovkada 30—35 daqiqa davomida pishiramiz.

7

Tayyor korjni duxovkadan olib, sovitamiz. Dastruxonga tortishdan avval uni to‘rtburchak shaklida kesib, likopchaga solamiz.

8

Brauni tayyor. Yoqimli ishtaha!