Kutubxona

Yuragimiz nechta o‘zi?!

Bozorda erkaklar paypog‘ini sotib o‘tirgan kishining yoniga yaqinlashdim, yuvganda rangi chiqib ketmaydimi, degan savolimga: —    Agar rangi chiqib ketsa, topgan pulim harom bo‘lsin, bergan pulingizni bolamning o‘limiga ishlatay, — dedi hech ikkilanmay. Darhol undan uch juft paypoq sotib oldim.

Har gal yuvayotganimda go‘yo paypoqdan emas, mening dilimdan simsiyoh rang oqayotgandek titrashga tushaman. Nega o‘sha savolni berdim, nega uni qasam ichishga majbur etdim... Ritsarni bo‘sa olmoqqa chorlagan malikaga ritsar: “Mening yuragim bitta, uni parchalashni istamayman”, deya javob bergan edi. Dunyo har daqiqada betakror husn va fusun bilan bo‘salar olmoqqa chorlaydi. Biz esa uning chaqirig‘iga javob beraveramiz, beraveramiz.

Yuragimiz nechta o‘zi?!

Ko‘chaga chiqishim bilan oyog‘im ostiga qarayman. Qarayman-u, Yerga achinib ketaman. Hamma uning yuziga tupuradi. Quyoshga havasim keladi. Quyosh esa mo‘minning qalbiga havasda. Chunki mo‘minlarning qalbidagi nurning sakson mingdan bir bo‘lagiga ega bo‘lgan quyosh faqat olamni yoritar, tuproqdan-da qaro dillarni yorita bilmas. Bugun ko‘ngillar bir-birin sevmas bir holatdadir, Fir’avnning soqoli misol dillar siyoh (soqolini qoraga bo‘yagan ilk inson Fir’avn edi). Soqollaringizni qoraga bo‘yamang, u jahannamning rangidir, degan edilar Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam).

OITS deyilsa, hammani vahm qoplaydi. Aslida uning davosi bor. U orttirilgan immunitet tanqisligi. Ammo tug‘ma, azaliy miysoqdayoq berilgan bir immunitet bor. Insoniyatda o‘sha immunitetning pasayishi, yo‘qligi xavfli. U imon-e’tiqod immunitetidir. Bishri Xofiy hazratlari “O‘limning davosi bor, u imondir”, deydilar. O‘limgacha bo‘lgan kasalliklarning davosi ham shu. Chunki u og‘riqlarga, chinqiriqlarga, sanchiqlarga, tig‘larga munosib qarshilik ko‘rsatadi, qiyinchiliklarga sabr qiladi, kurashadi. Undan kuchliroq, kurashuvchanroq boshqa immunitetni bilmayman.

Manba: Oilam.uz